Islom taraqqiyot banki O‘zbekistonga 164 mln dollar ajratadi

Islom taraqqiyot banki (IsDB) O‘zbekiston infratuzilmasi va ta’lim sohasini rivojlantirish uchun $164 mln miqdorida mablag‘ ajratadi. Bu bo‘yicha tegishli moliyalashtirish bitimlari Saudiya Arabistonining Al-Ula shahrida o‘tayotgan xalqaro konferensiya doirasida imzolandi.
Hujjatlarga IsDB prezidenti Muhammad Al-Jassir va O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov imzo chekdi.
Ajratilayotgan mablag‘larning $70 mln qismi Jizzax viloyatidagi Dashtobod – Zomin – Baxmal – G‘allaorol avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilishga yo‘naltiriladi. Loyiha doirasida 143 km hududiy va 30 km mahalliy yo‘llar ta’mirlanib, 200 mingga yaqin aholining transport xavfsizligi hamda harakat qulayligi oshiriladi.
Qolgan $94,06 mln esa SmartEd ta’lim loyihasiga ajratiladi. Ushbu loyiha doirasida 58 ta yangi maktab qurilib, 2431 ta zamonaviy o‘quv sinfi tashkil etiladi. Natijada har yili 72 mingdan ortiq o‘quvchilar ta’lim bilan qamrab olinishi kutilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Ishonch jamg‘armasi O‘zbekistondagi maktablar uchun 20 million dollar ajratishi haqida yozgandi.