
8-fevral kuni Angliya Premyer-ligasining 25-tur markaziy uchrashuvida «Manchester Siti» safarda «Liverpul»ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Abduqodir Husanov asosiy tarkibda maydonga tushdi, biroq jarohat xavfi tufayli o‘yinni erta yakunlashga majbur bo‘ldi.
«Enfild» stadionida kechgan dramatik bahsda hisob 74-daqiqada Dominik Soboslai tomonidan ochildi. Biroq Pep Gvardiola shogirdlari o‘yin oxirida vaziyatni o‘zgartirishga muvaffaq bo‘ldi. 84-daqiqada Bernardu Silva muvozanatni tiklagan bo‘lsa, hakam tomonidan qo‘shib berilgan vaqtda (90+3) Erling Holand penaltini aniq amalga oshirib, jamoasiga muhim uch ochkoni taqdim etdi. Ushbu g‘alaba «Siti»ga peshqadam «Arsenal» bilan oradagi 6 ochkolik farqni saqlab qolish imkonini berdi.

O‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov o‘yinni asosiy tarkibda boshladi va himoya markazida Mark Gexi bilan ishonchli tandem hosil qildi. U maydonda bo‘lgan vaqt davomida mezbonlarning hujumchilari Muhammad Saloh va Ugo Ekitikega qarshi samarali harakat qildi.

Husanov 61-daqiqada o‘z darvozaboni Janluiji Donnarumma bilan to‘qnashib ketgach, murabbiylar shtabi tavakkal qilmaslikka qaror qildi. Gvardiola ehtiyot chorasi sifatida uni tajribali Ruben Diashga almashtirdi. Sofascore portali Husanovni 6,5 ballga loyiq ko‘rdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Husanov «Manchester Siti»da oyning eng yaxshi o‘yinchisi deb topilganii haqida xabar bergan edi.