OCHL Elite: «Nasaf» mavsumdagi ilk ochkosini qo‘lga kiritish uchun maydonga tushadi

9-fevral 2026 12:19 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Foto: FC NASAF

9-fevral kuni Farg‘onadagi «Istiqlol» stadionida Elit Osiyo Chempionlar ligasining 7-turi doirasida Qarshining «Nasaf» klubi Iroqning «Al-Shorta» jamoasini qabul qiladi. Har ikki jamoa ham musobaqa turnir jadvalida eng quyi o‘rinlarni egallab turibdi.

Mazkur uchrashuv har ikki klub uchun ham prinsipial ahamiyatga ega, sababi tomonlar joriy mavsumda hali biror marta g‘alaba qozonishmagan. «Nasaf» o‘tkazilgan 6 ta o‘yinning barchasida mag‘lubiyatga uchrab, 0 ochko bilan 12-o‘rinda – so‘nggi pog‘onada bormoqda. Iroqning «Al-Shorta» klubi esa bor-yo‘g‘i 1 ochko bilan 11-o‘rinni band etgan.

Foto: FC NASAF

Mintaqaviy bosqich yakunlanishiga oz fursat qolgan bir paytda, ushbu o‘yin jamoalar uchun o‘z mavqeyini biroz bo‘lsa-da yaxshilab olish imkoniyatidir. «Nasaf» shu paytga qadar raqiblar darvozasiga 6 ta to‘p kiritib, o‘z darvozasidan 15 ta to‘p olib chiqqan. «Al-Shorta»ning ko‘rsatkichlari esa yanada og‘irroq. Jamoa atigi 2 ta gol urgan va 17 ta gol o‘tkazib yuborgan.

Farg‘onadagi «Istiqlol» stadioni mezbonlik qiladigan ushbu bahs «ajdarlar» uchun o‘z muxlislari oldida mavsumdagi ilk ochkolarni qo‘lga kiritish uchun so‘nggi imkoniyatlardan biri hisoblanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Nasaf» OChL Elit bosqichi doirasidagi o‘yinni Farg‘onada o‘tkazishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek