O‘zbekiston va Misr o‘rtasida kartoshka yetishtirish bo‘yicha memorandumlar imzolandi

O‘zbekiston delegatsiyasining Misrga tashrifi doirasida kartoshka yetishtirishni rivojlantirishga qaratilgan muhim kelishuvlar imzolandi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, Uzagrostar holding va Misrning EFC Plants Tissue Culture S.A.E kompaniyasi O‘zbekistonda kartoshka yetishtirish bo‘yicha hamkorlik memorandumiga kelishdi.

Kelishuvga ko‘ra, tomonlar in vitro texnologiyalarini joriy etish, ilmiy-innovatsion ishlar va eksport yo‘nalishlarida uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. Shuningdek, EFC kompaniyasi Bulungur Agro Star bilan hamkorlikda Hermes navli kartoshkaning 250 ming dona mini-tuganaklarini O‘zbekistonga yetkazib beradi.
Bundan tashqari, Misrdan uch nafar malakali mutaxassis kelib, kartoshka yetishtirish jarayonini hosil yig‘ib-terib olishgacha nazorat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq oziq-ovqat narxlari barqarorligini ta’minlashda intervensiya tizimi joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat bozori barqarorligini saqlash har doim ustuvor vazifa bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.