Kutilayotgan nam iqlim, metroda harakat xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun jarima — 9-fevralda chop etilgan muhim yangiliklar

Kutilayotgan nam iqlim, metroda harakat xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun jarima — 9-fevralda chop etilgan muhim yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Mahrga Changan avtomobili so‘ragan kelinning to‘yi to‘xtadi

Ijtimoiy tarmoqlarda nikoh marosimi vaqtida kutilmagan holat yuz bergani aks etgan video tarqaldi. Qazaq Press xabariga ko‘ra, kelin mahr sifatida Changan avtomobilini so‘ragach, kuyov marosimni to‘xtatib, xonadan chiqib ketgan. Voqea imom nikoh o‘qiyotgan jarayonda sodir bo‘ldi.
Videoda imom yoshlarga mahrning ahamiyati va uning shariatdagi minimal miqdorini tushuntirayotgani aks etgan. Imomning so‘zlariga ko‘ra, minimal mahr 4,25 gramm oltinni tashkil etadi, bu taxminan 150 ming tengedir(3,7 mln so‘m). Shu paytda kelin o‘z shartini aytib: «Menga mahr sifatida Changan avtomobili kerak», – deya ta’kidlagan.
O‘zbekiston eksporti 2025-yilda 24 foizga oshdi

2025-yilda O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasida eksport hajmi $33,8 mlrdga yetdi. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24 foizga yuqori. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berilmoqda.
Hisobot davrida O‘zbekiston eksportida eng yuqori ulushga ega bo‘lgan davlatlar ro‘yxatini Rossiya ($4,3 mlrd) boshqarmoqda. Ikkinchi o‘rinni Xitoy ($2,5 mlrd) egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rinda Qozog‘iston ($1,5 mlrd) qayd etilgan. Afg‘oniston ham xuddi shunday, ya’ni $1,5 mlrdlik ko‘rsatkich bilan yetakchi hamkorlar qatoridan joy olgan.
Metroda harakat xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun jarima joriy etildi

Temir yo‘l transporti va metropolitenda harakat hamda tashish xavfsizligi talablarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Endilikda ushbu qoidabuzarliklar uchun mansabdor shaxslar va xodimlarga BHMning 10 baravari (4,1 mln so‘m) miqdorida jarima solinadi.
Hafta o‘rtasida yomg‘ir, qor va kuchli shamol kutilmoqda
Joriy yilning 10 – 13-fevral kunlari O‘zbekiston hududiga nam havo massalari kirib keladi. Bu haqda «O‘zgidromet» xabar berdi.
Nam havo massalari sabab respublika bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, shimoliy hududlarda yog‘ingarchilik yomg‘irdan qorga aylanishi mumkin. Ayrim joylarda yog‘inlar kuchli bo‘lishi ehtimoli bor.
So‘mning tebranuvchanligi 2025-yilda sezilarli oshdi

2025-yilda so‘m kursi 6,9 foizga mustahkamlanib, kunlik tebranuvchanlik darajasi ikki barobarga oshdi. Bu haqda Markaziy bank hisobotida keltirilgan.
Bank hisobotiga ko‘ra, 2025-yilda milliy valyuta almashuv kursi dinamikasi ichki valyuta bozoridagi talab va taklif omillari, umumiy makroiqtisodiy tendensiyalar va tashqi iqtisodiy sharoitlar ta’sirida shakllangan.
Crypto.com egasi 70 million dollarga domen sotib oldi
Crypto.com asoschilaridan biri va bosh direktori Kris Marshalek AI.com brendi ostida AI agentlari uchun yangi platformani ishga tushirdi, u domenni $70 millionga sotib olgan. Bu haqda Financial Times xabar berdi.
Islom taraqqiyot banki O‘zbekistonga 164 mln dollar ajratadi

Islom taraqqiyot banki (IsDB) O‘zbekiston infratuzilmasi va ta’lim sohasini rivojlantirish uchun $164 mln miqdorida mablag‘ ajratadi. Bu bo‘yicha tegishli moliyalashtirish bitimlari Saudiya Arabistonining Al-Ula shahrida o‘tayotgan xalqaro konferensiya doirasida imzolandi.
Hujjatlarga IsDB prezidenti Muhammad Al-Jassir va O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov imzo chekdi.
Endi o‘zini band qilganlar BHMning kamida 1 baravarida soliq to‘laydi
«Aholi bandligi to‘g‘risida»gi Qonunga o‘zgartirishlar kiritildi. Endilikda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar BHMning kamida 1 baravari miqdorida ixtiyoriy tartibda ijtimoiy soliq to‘lashlari mumkin. Ilgari ushbu soliq miqdori BHMning 50 foizidan kam bo‘lmasligi belgilangan edi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Qonunchilikka tadbirkorlar faoliyatini soddalashtirish va ortiqcha byurokratik to‘siqlarni kamaytirishga qaratilgan boshqa qo‘shimcha o‘zgarishlar ham kiritildi.
Surxondaryoda tuman ekologiya bo‘limi boshlig‘i pora bilan ushlandi
Surxondaryo Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasining tumanlardan biridagi bo‘limi boshlig‘i pora talab etgan paytida qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mansabdor mahalliy MChJ hududida 14 tup gujum, 6 tup archa, 1 tup tut va 1 tup chinor daraxtlari tegishli ruxsatnomasiz kesilgani bo‘yicha tuzilgan dalolatnomani tabiatga yetkazilgan zararni kamaytirib ko‘rsatish evaziga $500 miqdorida pora talab qilgan.