Fond bozori: «O‘zbekneftgaz» va «SQB» aksiyalari yuqori o‘sishni qayd etdi

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 30-yanvardan 6-fevralgacha bo‘lgan davrda ijobiy dinamikani ko‘rsatdi. Ammo UCI fond indeksi 1,8 foizga tushdi.
Ushbu davr mobaynida «O‘zbekneftgaz» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 14,74 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «O‘zsanoatqurilishbank» (+12,09%) va «O‘zbektelekom» (+12,09%)ning imtiyozli aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.
O‘z navbatida, «Ipoteka-bank» aksiyalari 12,28 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «O‘zsanoatqurilishbank» (-5,48%) va «O‘zbektelekom» (-2,91%)ning oddiy aksiyalari ham pasayish bilan ajralib turdi. Faqatgina «Qashqadaryo texnologik transport» aksiyalari narxida o‘zgarish kuzatilmadi.
Ushbu davrda bitimlar soni bo‘yicha «Chilonzor buyum savdo kompleksi» (1 076 ta), «O‘zsanoatqurilishbank» (1 024 ta) va «Hamkorbank» (969 ta) peshqadam bo‘ldi.
Aksiyalar bozorida ushbu haftada hajm bo‘yicha esa «O‘zbektelekom» (1,93 mlrd so‘m) yetakchilik qildi. «O‘zRTXB» (638,76 mln so‘m) va «Hamkorbank» (468,58 mln so‘m) aksiyalari yuqori uchlikdan joy oldi.
Yuqori likvidli aksiyalardan 19 tasi haftani ijobiy, bittasi o‘zgarishsiz, to‘qqiztasi salbiy natija bilan yakunladi. Birjaviy savdolarning asosiy maydonchadagi umumiy hajmi 1,03 trln so‘m bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi 2025-yil yakunlari bo‘yicha banklardagi aksiyalar hajmi va aksiyadorlar ulushini ma’lum qilgandi. Unga ko‘ra, bugungi kunda 38 ta bank tomonidan chiqarilgan aksiyalarning umumiy hajmi 95,9 trillion so‘mdan oshgan.