O‘zbekistonda norasmiy bandlik qisqartiriladi

Prezidentning 2026-yil 5-fevraldagi qarori bilan endi respublikada norasmiy bandlik soni qisqartiriladi.
Qarorga ko‘ra, hokim yordamchisi xatlovi asosida aniqlangan norasmiy bandlik holatlari bo‘yicha ularni bartaraf etish yuzasidan «Yagona milliy mehnat tizimi» IDAKda ish beruvchilarning shaxsiy kabinetlariga Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan ogohlantirish xati yuboriladi.
Ish beruvchilar tomonidan aniqlangan qonunbuzilish holati 3 ish kuni ichida ixtiyoriy ravishda bartaraf etilmagan taqdirda, ushbu holat tegishli korxonalar va tashkilotlarda Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan tekshirish o‘tkazish uchun asos hisoblanadi.
Norasmiy bandlik holati aniqlangan kundan boshlab 1 oy muddat ichida ish beruvchilar xodimlar bilan mehnat shartnomasini rasmiylashtirib, hisoblangan oylik ish haqlarini to‘liq to‘lab bergan taqdirda, ular ma’muriy javobgarlikdan ozod etiladi.
Shuningdek, 2026-yil 1-martdan tadbirkorlarning barqarorlik reytingini aniqlashda quyidagi qonunbuzilish holatlari ballarni kamaytiruvchi qo‘shimcha mezon sifatida belgilanadi:
- tasdiqlangan norasmiy bandlik holatlari;
- xodimlarga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan past oylik ish haqlarining hisoblanishi.
Avvalroq «Kursiv» global ishsizlik darajasi 2026-yilda 4,9 foiz darajasida saqlanib qolishi haqida yozgandi.