Tadbirkorlik qilish istagida bo‘lganlarga kreditlar miqdori oshiriladi

eʼlon qilindi
Naslli chorva mollari xaridi va tuyachilik uchun kredit miqdori 100 mln so‘mgacha bo‘ladi
Kredit
Foto: Valyuta.az

O‘zbekistonda tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lganlarga garov ta’minotisiz beriladigan kreditlar miqdori oshiriladi. Bu haqda prezident 2026-yil 5-fevralda qarorga imzo chekdi.

Qarorga ko‘ra, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida mahallalarda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan fuqarolarga (o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga) garov ta’minotisiz ajratiladigan kreditlar miqdori 50 mln so‘mgacha oshiriladi.

Shuningdek, chorvachilikka ixtisoslashgan mahallalarda import qilingan va sertifikatlangan naslli chorva mollari xaridi va tuyachilik uchun kredit miqdori 100 mln so‘mgacha oshiriladi. Turizm salohiyati yuqori bo‘lgan mahallalarda uy mehmonxonalarini tashkil qilish hamda ixtisoslashuvi 50 foizdan yuqori mahallalarda mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash uchun minitexnologiyalar sotib olishga 150 mln so‘mgacha garovsiz kreditlar ajratiladi.

Bundan tashqari, ajratiladigan kreditlar hisobiga tovar va xizmatlarni oldindan yetkazib berish talabi bekor qilinadi.

2026-yil 1-martdan tijorat banklari tomonidan amalga oshirilayotgan «mahalla loyihasi» dasturi doirasida mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish bo‘yicha ajratiladigan kreditlar foiz stavkasining bir qismiga quyidagi tartibda kompensatsiya taqdim etiladi:

  • mahsulot yetishtirishga qaratilgan loyihalar bo‘yicha kreditlar foiz stavkasining 4 foizlik punkti;
  • qo‘shimcha qiymat yaratadigan qayta ishlash loyihalari bo‘yicha kreditlar foiz stavkasining 6 foizlik punkti.

Avvalroq «Kursiv» muammoli kreditlar ulushi yuqori bo‘lgan mikromoliya tashkilotlari haqida yozgandi.

Shuningdek