Pokiston poytaxtida Imom Buxoriy majmuasi barpo etiladi

Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi xususiy sektor hamkorligi doirasida Islomobod shahrida Imom Al-Buxoriy majmuasi qurilishi rejalashtirilgan. Qurilish ishlarini Pokiston kompaniyasi Capital Smart City amalga oshiradi, deya xabar bermoqda Bloom Pakistan.
Hujjatni HRL Group raisi Zahid Rafiq va O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov imzoladi. Kelishuv doirasida, Samarqanddagi Imom Al-Buxoriy yodgorligi yaqinida zamonaviy mehmonxona qurilishi ham rejalashtirilgan. Bu loyiha hududga keladigan sayyohlar uchun qulaylik yaratish va madaniy merosni rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Mazkur loyihalar infratuzilma va sanoat sohalaridagi kengroq hamkorlik dasturiga kiritilgan bo‘lib, tomonlar umid qiladiki, kelishuvlar ikki tomonlama savdo hajmini $2 mlrdgacha oshirishga yordam beradi. Shu bilan birga, bu tashabbus mintaqaviy iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish va madaniy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokiston poytaxtida Toshkent koʻchasi va Bobur bog‘i ochilgan edi.