Samsung Galaxy S25uchun One UI 8.5’ning to‘rtinchi beta-versiyasi chiqarildi

eʼlon qilindi
Hozircha yangilanish faqat Galaxy S25 oilasi uchun ochiq beta dasturi doirasida tarqatilmoqda
Foto: Sammobile

Samsung kompaniyasi Galaxy S25, Galaxy S25 Plus va Galaxy S25 Ultra smartfonlari uchun One UI 8.5 foydalanuvchi interfeysining to‘rtinchi beta-versiyasini taqdim etdi. Bu haqda Sammobile nashri xabar berdi.

Hozircha yangilanish faqat Galaxy S25 oilasi uchun ochiq beta dasturi doirasida tarqatilmoqda.

Yangilanish hajmi taxminan 1,5 GB ni tashkil etadi (proshivka versiyasi oxiri — ZZAL) va dastlab Janubiy Koreyada foydalanuvchilarga yetib borgan. Yaqin kunlarda u boshqa mamlakatlarda ham foydalanish uchun ochilishi kutilmoqda. Qayd etilishicha, ushbu beta-versiya oldingisidan qariyb bir oy kechikib chiqqan — reliz yanvar o‘rtalarida bo‘lishi rejalashtirilgan edi.

To‘rtinchi beta-versiyada asosiy e’tibor tizim barqarorligi va telefon funksiyalarining to‘g‘ri ishlashiga qaratilgan. Jumladan, qo‘ng‘iroqlar vaqtida ovozning o‘z-o‘zidan karnay (gromkaya svyaz) rejimiga o‘tib ketishi muammosi bartaraf etildi. Shuningdek, qo‘ng‘iroqlar tarixi bilan bog‘liq xatolar va Bluetooth garnitura orqali suhbatlashganda bir tomonlama eshitilish muammolari tuzatildi.

Bundan tashqari, AI Select menyusidagi kamchilik ham hal etildi — avvalroq matn nusxalanganidan so‘ng menyu avtomatik yopilmay qolayotgan edi.

Mutaxassislar ushbu Beta 4 versiyasini One UI 8.5’ning yakuniy sinov bosqichlaridan biri sifatida baholamoqda. Barqaror (stable) versiya esa Samsung’ning yangi flagmanlari — Galaxy S26 seriyasi taqdimotidan so‘ng e’lon qilinishi kutilmoqda. Mazkur taqdimot 25-fevralga rejalashtirilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy S26 Ultra modelining sifatli tasvirlari e’lon qilingani haqida yozgandi.

Shuningdek