
AQShda noodatiy avtomobil topildi. Kolesa.kz xabariga ko‘ra, 1981-yilgi Mercedes-Benz S-Class (W126) modeli pikap ko‘rinishiga keltirilgan.
Avtomobil hozirgi egasi tomonidan El Benzo deb nomlangan. Bu nom mashhur Chevrolet El Camino modeliga ishora qiladi.

Mazkur loyiha qachon va kim tomonidan amalga oshirilgani noma’lum. Avtomobilning hozirgi egasi uni bir necha yil avval qo‘shnilaridan sotib olgan. Avvalgi egalari mashinani uzoq vaqt saqlagan, biroq kam ishlatgan.

Hozirda avtomobilning holati mukammal emas. Salon ancha eskirgan, bo‘yoqlarda yorilishlar bor, orqa bamper esa to‘g‘ri o‘rnatilmagan. Shunga qaramay, kapot ostidagi 3 litrli dizel dvigatel ishlash holatida. Motor bir necha oy oldin faqat tekshiruv uchun ishga tushirilgan, shundan beri avtomobil harakatsiz turibdi.

El Benzo nomi bilan tanilgan ushbu noodatiy Mercedes hozir sotuvga qo‘yilgan. Uning narxi $11,5 mingni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq afsonaviy Mercedes-Benz SEC avtomobili yangilangani haqida xabar berilgandi. Loyiha SEC V12 Sledgehammer deb nomlandi va 1980-yillardagi kult Mercedes-Benz SEC kupesi asosida yaratilgan eksklyuziv restomod hisoblanadi. Nomi AMG Hammer an’anasiga ishora qiladi.