Yevropa Visa va Mastercardga muqobil tizim yaratmoqchi

eʼlon qilindi
Mintaqa banklari AQSh to‘lov tizimlariga haddan tashqari qaramlikdan xavotirda
Foto: regtechtimes.com

Yevropa to‘lov tashabbusi (EPI) rahbari Martina Veymert Financial Times nashriga bergan intervyusida Yevropa Visa va Mastercard kabi xalqaro tizimlarga haddan tashqari qaram ekanini ma’lum qildi. U qit’ada transchegaraviy to‘lovlar uchun yagona mahalliy yechim yo‘qligini tanqid qildi.

Yevropa Markaziy banki (YMB) ma’lumotlariga ko‘ra, Visa va Mastercard yevrohududdagi karta operatsiyalarining qariyb uchdan ikki qismini tashkil etadi. 16 ta Yevropa banki va moliyaviy xizmatlar kompaniyasini birlashtirgan alyans rahbari Veymert xalqaro yechimlarga qaramlik yuqori darajada ekanini ta’kidladi.

«Bizda mahalliy karta tizimlari kabi yaxshi milliy aktivlar bor, ammo transchegaraviy hech narsa yo‘q. Agar mustaqillik muhim desak, zudlik bilan harakat qilishimiz kerak», – dedi u.

Yevropa Ittifoqining 13 ta davlatida ushbu Amerika kompaniyalariga milliy muqobil mavjud emas, borlari esa foydalanuvchilarini yo‘qotmoqda. Naqd puldan foydalanishning kamayishi Yevropa rasmiylarini xavotirga solmoqda, chunki yirik geosiyosiy ziddiyatlar yuzaga kelgan taqdirda Amerika to‘lov tizimlarining hukmronligi qurol sifatida ishlatilishi mumkin.

«Chuqur integratsiya qaramlikni yuzaga keltirdi, bu esa barcha hamkorlar ittifoqchi bo‘lmagan vaziyatda suiiste’mol qilinishi mumkin», – dedi YMB sobiq prezidenti Mario Dragi.

EPI 2024-yilda Apple Pay tizimiga muqobil sifatida Wero hamyonini taqdim etgan edi. Hozirda Belgiya, Fransiyava Germaniyada 48,5 mln a’zoga ega bo‘lgan ushbu dastur 2027-yilgacha onlayn va do‘konlardagi to‘lovlarni qamrab olishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yevropa Ittifoqi Rossiya gazini taqiqlashning yakuniy muddatini e’lon qilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek