Harbiy poligonlardan tinch hayotga: kundalik turmushni o‘zgartirgan texnologiyalar qaysi

eʼlon qilindi
Kollaj: Kursiv Uzbekistan

Harbiy sohadagi yirik kashfiyotlar vaqt o‘tishi bilan oddiy kundalik texnologiyalarga aylandi. Bugun ularsiz odamlar hayotini tasavvur qila olmaydi — uyda ham, safarda ham. Ushbu maqolada harbiy sohada yaratilib, keyinchalik xonadonlarga kirib kelgan bir nechta texnologiyalar keltiriladi.

Quyidagilar haqida bilib olasiz:

Mikroto‘lqinli pech

Oshxonadagi eng keng tarqalgan qurilmalardan biri butunlay tasodifan ixtiro qilingan.

Ikkinchi jahon urushi davrida radiolokatsiya texnologiyalarining rivoji jangovar harakatlar xarakterini tubdan o‘zgartirdi va dushmanni aniqlash samaradorligini oshirdi.

Foto: pinterest

1946-yilda Raytheon kompaniyasi muhandisi Persi Spenser shu sohada tadqiqot olib borar ekan, cho‘ntagidagi shokolad batonchasi erib ketganini payqadi. Aynan shu kutilmagan holat mikroto‘lqinli pech yaratilishiga sabab bo‘ldi. Bugun millionlab odamlar undan ovqatni tez isitish va taom tayyorlashda foydalanadi.

Internet va ARPANET

1962-yilda AQSh Mudofaa vazirligining Istiqbolli tadqiqotlar agentligi yadro hujumi sharoitida ham harbiy kompyuterlarni ishonchli bog‘lay oladigan aloqa tizimi ustida ishladi. Natijada 1969-yilda ARPANET tarmog‘i ishga tushdi. Keyingi yigirma yil davomida olimlar tizimni rivojlantirdi, domen nomlari tizimini (.com va boshqalar) yaratdi va uni bosqichma-bosqich foydalanishga ochdi.

Kollaj: pikabu.ru

1986-yildan boshlab tijoratlashuv jarayoni boshlandi. Bugun internetdan dunyo bo‘ylab milliardlab odam foydalanmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar, elektron savdo, striming servislar va onlayn ta’lim inson hayotini tubdan o‘zgartirdi va ko‘plab yangi daromad manbalarini yaratdi.

GPS – global joylashuv tizimi

Sovuq urush davrida amerikalik olimlar sovetlarning «Sputnik» sun’iy yo‘ldoshining radio signallarini kuzatish orqali uning joylashuvini aniqlash mumkinligini anglab yetdi. Shu kashfiyot AQSh armiyasi, harbiy-dengiz va havo kuchlariga 1978-yilga kelib sun’iy yo‘ldoshlar asosidagi global navigatsiya tizimini yaratish imkonini berdi.

Foto: bigenc.ru

Dastlab Pentagon 24 ta sun’iy yo‘ldoshdan iborat tizimni faqat mudofaa uchun ishga tushirgan. Muvozanat nuqtasi prezident Ronald Reyganning Korean Air Lines 007 reysi bilan bog‘liq hodisadan so‘ng GPS’ni fuqarolar uchun ochish haqidagi qarori bo‘ldi.

Bugun GPS xaritalar, ijtimoiy tarmoqlar, o‘yinlar va fitnes ilovalarining asosini tashkil etadi va milliardlab dollarlik sanoatlarni shakllantirgan.

Reaktiv dvigatellar

Reaktiv dvigatellarsiz zamonaviy aviatsiyani tasavvur qilib bo‘lmaydi. Birinchi reaktiv dvigatelli samolyot — Germaniyada yaratilgan Heinkel He 178 V1 — 1939-yilda sinovdan o‘tkazilgan. Bu paytda Buyuk Britaniya va Germaniya ushbu texnologiyada yetakchilik uchun yashirin raqobat olib borgan.

Foto: old.bigenc.ru

1960-yillarga kelib reaktiv dvigatellar to‘liq fuqarolik aviatsiyasiga o‘tdi va bugun dunyodagi barcha yo‘lovchi samolyotlarida qo‘llaniladi.

Sublimatsiyalangan mahsulotlar

Sublimatsion quritish texnologiyasi Ikkinchi jahon urushi davrida qonni saqlash uchun ixtiro qilingan. Keyinchalik u kosmik davrda rivojlandi va 1960–1970-yillarda NASA tomonidan astronavtlar uchun yengil hamda to‘yimli oziq-ovqat yaratishda qo‘llanildi.

Kollaj: prigotovim.by

Bu usul suvni olib tashlab, mahsulot vazni va hajmini keskin kamaytiradi, shu bilan birga ta’mi va oziqaviy qiymatini saqlab qoladi. Natijada astronavtlar orbitada meva, sabzavot, go‘sht va hatto muzqaymoq ham iste’mol qilishi mumkin bo‘ldi.

LCD displeylar

Harbiy uskunalar mustahkam, yengil va ko‘chma bo‘lishi kerak. Suyuq kristalli displeylar ana shu talabga to‘liq javob bergan va dastlab vertolyotlar, bronetexnika hamda dala qurilmalarida katta hajmli EKT ekranlar o‘rnini bosgan.

Foto: pikabu.ru

Ular kamroq energiya sarflaydi va kam joy egallaydi. 1990-yillarga kelib LCD displeylar oddiy iste’molchilarning uylariga kirib keldi va zamonaviy elektronikaning standartiga aylandi.

Raqamli kameralar

Raqamli tasvirga olish texnologiyasi harbiy va kosmik dasturlardan boshlangan. Bu sohalarda orbitadan razvedka suratlarini olish talab etilgan. Sovuq urush davrida elektron sensorlarning rivoji plyonkasiz kameralar uchun poydevor yaratdi.

Foto: Kodak

1975-yilda Kodak muhandisi Stiven Sasson birinchi avtonom raqamli kamerani yaratdi. Texnologiya yillar davomida takomillashdi va bugun raqamli suratga olish smartfonlarga singib ketgan. Undan har kuni milliardlab odam foydalanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq texnologiya sohasidagi yetakchi mutaxassislar va futurologlar 2050-yilga borib sun’iy intellekt, kibernetika hamda kosmosni o‘zlashtirish inson hayotini qanday o‘zgartirishi haqida o‘z prognozlarini e’lon qilgandi.

Shuningdek