AQSh va Armaniston fuqarolik yadroviy hamkorligi bo‘yicha kelishuvga erishdi

eʼlon qilindi
Yadroviy texnologiyalar va xizmatlarning umumiy narxi 9 mlrd dollarni tashkil etadi
Foto: Daily Sabah

Armaniston va AQSh fuqarolik yadroviy sektorida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuv imzoladi. 9-fevral kuni Yerevanda AQSh vitse-prezidenti JD Vens va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan «123-kelishuv» bo‘yicha muzokaralar yakunlanganini e’lon qildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.

JD Vensning so‘zlariga ko‘ra, ushbu kelishuv AQShga dastlabki bosqichda $5 mlrdlik, uzoq muddatda esa yoqilg‘i va texnik xizmat ko‘rsatish shartnomalari bo‘yicha qo‘shimcha $4 mlrdlik eksportni amalga oshirishga ruxsat beradi.

«Ushbu kelishuv Armaniston va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi chuqurlashib borayotgan energetik hamkorlikda yangi sahifa ochadi», — dedi Nikol Pashinyan qo‘shma matbuot anjumanida.

Ushbu qadam Armanistonning Rossiya va Eronga bo‘lgan uzoq yillik energetik qaramligini kamaytirishga qaratilgan siyosiy ustuvorlik sifatida baholanmoqda. Hozirda Armaniston eskirgan Metsamor atom elektr stansiyasi o‘rniga yangi reaktor qurish uchun AQSh, Rossiya, Xitoy, Fransiya va Janubiy Koreya kompaniyalarining takliflarini ko‘rib chiqmoqda.

Foto: NEWS10 ABC

Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin Izvestiya nashriga bergan intervyusida Rossiyaning taklifi eng yaxshi variant ekanini va Rosatom davlat korporatsiyasi loyihani tezkorlik bilan amalga oshirishga tayyorligini ta’kidladi. Biroq, siyosatshunoslarning fikricha, Vashington bilan imzolangan bitim AQSh loyihasining tanlanish ehtimolini oshiradi.

Tashrif davomida JD Vens «Xalqaro tinchlik va farovonlik uchun Tramp yo‘nalishi» (TRIPP) loyihasini ham muhokama qildi. Bu 43 kilometrlik transport koridori bo‘lib, u Ozarbayjonni Naxchivan eksklavi va Turkiya bilan bog‘lashi hamda Osiyo va Yevropa o‘rtasida Rossiya va Eronni chetlab o‘tuvchi yo‘lak vazifasini o‘tashi kutilmoqda. Vens chorshanba va payshanba kunlari Ozarbayjonga tashrif buyurishi rejalashtirilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Saudiya kompaniyalari Turkiyada 2 milliard dollarlik elektr stansiyalari qurishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek