Olmaliqdagi maktabda 10-sinf o‘quvchisi vafot etdi: holat tekshirilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda Olmaliq shahridagi maktabda 10-sinf o‘quvchisi vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.
Telegramdagi «Nemolchi» kanaliga ko‘ra, 10-sinf o‘quvchisining o‘limiga maktabda o‘tkazilgan «tarbiyaviy» suhbat sabab bo‘lgani aytilmoqda. Ota-onalar murojaatida suhbat ichki ishlar xodimlari ishtirokida o‘tganini bildirgan.
Xabarda ta’kidlanishicha, maktabda mish-mishlar sabab yig‘ilish tashkil etilgan. Kattalar yuqori sinf o‘quvchilariga baland ovozda gapirgan. So‘ng ayrim o‘quvchilar alohida xonaga chaqirilgan. Marhuma qiz ham suhbatda bo‘lgan va kuchli stressni boshdan kechirgan.
Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, voqea 28-yanvar kuni Olmaliq shahridagi 5-sonli maktabda sodir bo‘lgan. 2009-yilda tug‘ilgan 10-sinf o‘quvchisi maktab yo‘lagida hushini yo‘qotgan.
Dastlabki tibbiy yordamga qaramay, o‘quvchi vafot etgan. Ayni paytda hodisa yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlari surishtiruv olib bormoqda.
Boshqarma tekshiruv yakuniga qadar tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirdi. Yakuniy xulosalar rasmiy tekshiruv tugagach e’lon qilinadi.
Ushbu voqea yuzasidan «Kursiv» nashri Oliy Majlisning bolalar huquqlari bo‘yicha vakiliga so‘rov yubordi.
Avvalroq AQShda 11 yoshli o‘zbekistonlik qiz YTHda halok bo‘lgani haqida yozgan edi.