
Bekobodning «Metallurg» klubi Proligada ishtirok etish uchun qo‘yilgan barcha minimal talablarni bajarib, rasman liga qatnashchilari safiga qaytdi. Klub FIFA oldidagi qarzdorlikni bartaraf etib, transfer taqig‘idan qutuldi. Bu haqda UzPFL xabar berdi.
9-fevral kuni FIFA «Metallurg» klubidan transfer taqig‘ini olib tashladi. Bunga qadar klub Liga talabiga ko‘ra FIFA Legal Portal va FIFA TMS platformalariga kirish huquqini tiklab, legioner futbolchi oldidagi mavjud qarzdorlikni to‘liq bartaraf etgan. Ushbu jarayonlar «O‘zmetkombinat» AJ tomonidan tasdiqlangan yo‘l xaritasi asosida amalga oshirildi.

Endilikda klubga yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun MyLeague platformasidan foydalanish huquqi taqdim etiladi. Birinchi navbatda klub rahbar organi va futbolchilarning professional mehnat shartnomalari ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Shuningdek, klub qoshidagi akademiya futbolchilari ham litsenziyalash talablari asosida Liga platformasiga kiritiladi.
Klub ta’sischisi «O‘zmetkombinat» AJ «Metallurg»ning yillik xarajatlar smetasini tasdiqlagan. Ushbu smetadan Bekobod shahridagi stadionni Proliga o‘yinlariga tayyorlash xarajatlari ham o‘rin olgan bo‘lib, ayni vaqtda stadionda tegishli ishlar boshlab yuborilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan ikki yil oldin faoliyati tugatilgan «Metallurg» klubi qayta tiklangani haqida xabar bergan edi.