Rossiyada Telegram faoliyati sekinlashtiriladi

eʼlon qilindi
Messenjer ishini qisman cheklash choralari 10-fevraldan boshlanishi kutilmoqda
Foto: Andrey Lyubimov / RBK

Rossiya hukumati mamlakat hududida Telegram messenjeri ishini sekinlashtirish bo‘yicha qaror qabul qildi. Roskomnadzor 10-fevral, seshanba kunidan boshlab servis faoliyatini qisman cheklash choralarini ko‘rishni rejalashtirmoqda. Bu haqda RBK xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, cheklovlar bo‘yicha ishlar boshlangan. Nashrning manbasi Telegram’ni sekinlashtirish choralari allaqachon amalga oshirilayotganini qo‘shimcha qilgan. Ushbu xabarlar fonida VK kompaniyasi aksiyalari narxi keskin o‘sdi. Moskva vaqti bilan soat 13:16 holatiga ko‘ra, kotirovkalar 3,38 foizga oshib, bir dona aksiya narxi 320 rublni (50,8 ming so‘m) tashkil qilgan. VK xorijiy servislarga milliy muqobil sifatida MAX messenjerini rivojlantirmoqda.

Foto: rozetked.me

Roskomnadzor avvalroq, 2025-yilning avgust oyida Telegram va WhatsApp orqali amalga oshiriladigan qo‘ng‘iroqlarni cheklagan edi. Idora ushbu chorani messenjerlar «firibgarlik, pul undirish va Rossiya fuqarolarini terrorchilik faoliyatiga jalb qilishda asosiy vositaga aylangani» bilan izohlagan.

Davlat Dumasi axborot siyosati qo‘mitasi raisi Sergey Boyarskiy dekabr oyida to‘liq blokirovka rejada yo‘qligini ta’kidlagan edi.

«Telegram nafaqat messenjer, balki ijtimoiy tarmoq bo‘lib qoldi va unga shu jihatdan yondashish kerak. Men hozircha Telegram’ni to‘liq bloklash haqida gapirmagan bo‘lardim», — degan edi u.

Foto: CNN

Eslatib o‘tamiz, Rossiyada 2018-yil aprel oyida ham FXX (FSB)ga shifrlash kalitlarini berishdan bosh tortgani sababli Telegram bloklangan edi. Biroq 2020-yilda, messenjer asoschisi Pavel Durov ekstremizmga qarshi kurashishga tayyorligini bildirganidan so‘ng, Roskomnadzor o‘z talablaridan voz kechgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan android foydalanuvchilari uchun Telegram dizayni yangilangani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek