Ko‘p qavatli uy-joy uchun majburiy badalni to‘lamaganlarga «svet»ga to‘lov qilish cheklanadi

O‘zbekistonda 1-iyuldan boshlab ko‘p kvartirali uy uchun badalni vaqtida to‘lamagan uy egalari uchun elektr energiyasi bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish vaqtincha cheklanadi. Bu tartib prezidentning 5-fevralda qabul qilingan qarorida belgilangan.
Agar majburiy badallar oyning 15-sanasigacha to‘lanmasa, elektr uchun to‘lovlar qarzdorlik to‘liq yopilgunga qadar qabul qilinmaydi.
Shuningdek, qarorga ko‘ra uylarning bank hisobvarag‘iga tushgan mablag‘lar har oy birinchi navbatda umumiy ehtiyojlar – liftlar ishlashi, podyezd va zinapoyalarni yoritish, hovli hududi va boshqa infratuzilma xarajatlariga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, majburiy to‘lovlar kechiktirilgan taqdirda penya qo‘llanadi. Jismoniy shaxslar uchun har bir kechiktirilgan kunga 0,1 foiz, yuridik shaxslar uchun esa 0,4 foiz miqdorida jarima hisoblanadi. Bunda penya summasi bir oy davomida qarzdorlikning 50 foizidan oshmasligi kerak.
Hisoblangan penya mablag‘lari ko‘p kvartirali uyning bank hisobvarag‘i hamda «Mening uyim» tizimini saqlash xarajatlari o‘rtasida teng taqsimlanadi. Yangi tartibga ko‘ra, 1-iyuldan boshlab majburiy uy-joy to‘lovlari faqat bank kartalari, elektron to‘lov tizimlari yoki bank kassalari orqali qabul qilinadi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda quyosh panellari o‘rnatgan aholiga 209 mlrd so‘m subsidiya to‘lab berilgani haqida yozgandi.