Qirg‘izistonda deputat O‘zbekiston va Qozog‘iston suv uchun pul to‘lamayotganidan nolidi — video

9-fevral kuni Qirg‘iziston parlamentida suv masalasi muhokamasi chog‘ida deputat Umbetali Qidiraliyev qo‘shni davlatlar Qirg‘iziston tomonidan yetkazib beriladigan sug‘orish suvi uchun pul to‘lamayotganidan norozi bo‘ldi.
Qidiraliyevning aytishicha, Qirg‘izistondagi suv zaxiralarining qariyb 80 foizi O‘zbekiston va Qozog‘istonga yo‘naltiriladi.
«Ayni paytda gidroelektrostansiyalarimizdagi suv omborlaridagi suvning qariyb 80 foizi Qozog‘iston va O‘zbekistonga ketadi. Bu muammoni ular bilan qanday hal qilamiz?», – deb so‘radi deputat.
Uning ta’kidlashicha, suv omborlarini saqlash, ta’mirlash va xavfsizligini ta’minlash xarajatlari Qirg‘iziston zimmasida qolmoqda. Deputat suv uchun to‘lov masalasini ko‘tarib, bu xalqaro amaliyot ekanini aytgan.
U Kempir-Obod suv ombori O‘zbekiston bilan 50/50 nisbatda boshqarilishini eslatdi. Kirov va Orto-Tokoy suv omborlari Qirg‘iziston tomonidan boshqariladi, ammo davlatlararo komissiyalar har yili Qirg‘iziston qancha suv ta’minlay olishini hal qiladi.
«Demak, Qirgʻiziston ushbu gidroelektr inshootlarini saqlashdan hech qanday iqtisodiy foyda koʻrmayaptimi? Ta’mirlash ishlari olib borilishi, suvni saqlash va to‘g‘onlarni tekshirish kerak. Asosan, xarajatlar bor! Hatto AQSh ham Kanadaga suv uchun, Germaniya esa Shvetsiyaga pul to‘laydi. Xo‘sh, nega Qirg‘iziston suv uchun pul olmaydi? Bu xalqaro huquq!», – dedi Qidiraliev.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston O‘zbekistondan sug‘urta va «tonirovka» to‘lovlarini bekor qilishni so‘ragandi.