Kuchli shamol sabab Qo‘shrabotda yirik elektr uzilishi sodir bo‘ldi

Kuchli shamol sabab Qo‘shrabotda yirik elektr uzilishi sodir bo‘ldi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar bermoqda. Tabiiy ofat oqibatida qator elektr tayanchlari zarar ko‘rgan.
Ayni paytda mutaxassislar tomonidan eski va nosoz ustunlar o‘rniga yangi, mustahkam beton tayanchlar o‘rnatilmoqda. Tiklash ishlari belgilangan reja asosida olib borilyapti.
Jarayonga qariyb 20 ta maxsus texnika jalb etilgan. Shuningdek, 17 ta brigada va 90 ga yaqin muhandis hamda malakali xodimlar uzluksiz ish olib bormoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ishlar bosqichma-bosqich tartibda amalga oshirilmoqda.
Kursiv Uzbekistan nashri yetkazilgan zarar ko‘lami haqida ma’lumotlar yuzasidan vazirlik va «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ matbuot xizmatlariga so‘rov yubordi.
Avvalroq O‘zbekistonning 6 ta viloyatida qor ko‘chish xavfi e’lon qilingani haqida yozgan edi.