Rossiyada payvandlovchilar eng ko‘p maosh oluvchi kasb egalari deb topildi

2026-yil yanvar oyida Rossiyada eng yuqori maosh to‘lanadigan vakansiyalar reytingida payvandlovchilar yetakchilik qildi. Bu haqda RIA Novosti nashri hh.ru tahlillariga tayanib xabar bermoqda.
Tahlil natijalariga ko‘ra, yanvar oyida payvandlovchilar uchun taklif etilgan o‘rtacha maosh 267,3 ming rubl (42,5 mln so‘m)ni tashkil etgan. Kuchli uchlikdan data-sayentistlar (250 ming rubl – 39,7 mln so‘m) va DevOps-muhandislar (216,8 ming rubl – 34,5 mln so‘m) o‘rin oldi.

«Yanvar oyida so‘rovnomalar bo‘yicha o‘rtacha taklif qilingan maoshlar aynan shu kasb egalarida yuqori bo‘ldi», – dedi hh.ru tadqiqotlar bo‘yicha direktori Mariya Ignatova.
Hisobot davrida ish izlovchilarga maoshi 200 ming rubl (31,8 mln so‘m)dan yuqori bo‘lgan 160 mingga yaqin vakansiya taklif qilingan. Bu o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichdan 109 foizga ko‘pdir. Yuqori maoshli kasblar beshligiga ko‘chmas mulk agentlari (203 ming rubl – 32,3 mln so‘m) va geologlar (197,9 ming rubl – 31,5 mln so‘m) ham kirgan.
Yuqori daromadlar asosan kadrlar yetishmovchiligi kuzatilayotgan, shuningdek, vaxta usulida yoki murakkab iqlim sharoitida ishlashni talab qiluvchi sohalarda taklif etilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2026-yilda qaysi soha xodimlariga talab kuchayishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.