
10-fevral kuni Angliyada Chempionship doirasida kechgan bahsda «Sautgempton» birinchi bo‘limda 0:3 hisobida ortda qolayotganiga qaramay, yakunda «Lester Siti» ustidan 4:3 hisobida g‘alaba qozondi.
«King Pauer» stadionida o‘tgan o‘yinning dastlabki 30 daqiqasida mezbonlar yaqqol ustunlik qildi. Divayn Mukasa 9-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa, oradan to‘rt daqiqa o‘tib Patson Daka oradagi farqni ikkitaga oshirdi. 29-daqiqada Abdul Fatavu hisobni yirik 3:0 ko‘rinishiga keltirdi. Bu natija yaqinda olti ochkosi olib tashlangan va xavfli zonaga yaqin turgan «Lester» uchun muhim edi.

Tanaffusdan so‘ng «Sautgempton» o‘yinni butunlay o‘zgartirib yubordi. Zaxiradan maydonga tushgan Ross Styuart 61-daqiqada mehmonlarning ilk javob to‘pini kiritdi. O‘yin yakunlanishiga 8 daqiqa qolganida jamoa sardori Jek Stivens hisobni qisqartirdi, 86-daqiqada esa Rayan Menning muvozanatni tikladi – 3:3. Qo‘shib berilgan vaqtning 6-daqiqasida Shi Charlzning goli «Sautgempton»ga dramatik g‘alabani taqdim etdi.
«So‘nggi yarim soat uchun uzr so‘rayman. Bu mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat», – dedi «Lester»ning murabbiyi Endi King o‘yindan so‘ng.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Manchester Siti» «Lester» ustidan ishonchli g‘alabaga erishgani haqida xabar bergan edi.