Kanadadagi maktabda otishma sodir bo‘ldi, Rossiyada YouTube to‘liq bloklandi — 11-fevralda e’lon qilingan yangiliklar

eʼlon qilindi
10-fevralda e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida
Foto: Chris Ratcliffe / Bloomberg

Qo‘shrabotda shamol sabab elektr uzilishi sodir bo‘ldi, Qo‘qonda 116 mln so‘mlik noqonuniy gaz iste’moli aniqlandi — 11-fevralda e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.

Kanadadagi maktabda sodir bo‘lgan otishmada kamida 10 kishi halok bo‘ldi

Foto: CBC

10-fevral kuni Kanadaning Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasidagi maktab va turarjoyda otishma yuz berdi. Bu haqda CNN xabar bermoqda. Global News xabariga ko‘ra, otishma oqibatida o‘z joniga qasd qilgan qotil bilan qo‘shib hisoblaganda jami o‘n kishi halok bo‘lgan.

Tumbler Ridge shahridagi o‘rta maktabda mahalliy vaqt bilan soat 13:20 atrofida otishma boshlangani haqida xabar kelib tushgan. Politsiya voqea joyida olti kishining jasadini aniqlagan, yana bir kishi shifoxonaga olib ketilayotganda vafot etgan. Hodisaga aloqador deb ko‘rilayotgan yaqin atrofdagi turarjoyda yana ikki kishi o‘lik holda topilgan.

11-fevraldan metan «zapravka»lar odatdagi ish rejimiga qaytadi

11-fevraldan metan "zapravka"lar odatdagi ish rejimiga qaytadi
11-fevraldan metan «zapravka»lar odatdagi ish rejimiga qaytadi / Foto: Energetika vazirligi

11-fevral kuni soat 09:00 dan barcha hududlarda, jumladan, vodiyda ham metan «zapravka»lar bosqichma-bosqich odatdagi rejimda ishlay boshlaydi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi. Vazirlik 2-fevraldan metan «zapravka»lar soat 10:00 dan 16:00 gacha faoliyat yuritishini xabar bergan edi. Farg‘ona vodiysida esa metan zapravkalarning ish vaqti mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda, gaz bosimidan kelib chiqib belgilanishi qayd etilgan. Endilikda bu cheklovlar bekor qilinadi va «zapravka»lar doimiy ish rejimiga qaytadi.

O‘zbekiston guruchi sabab fermerlar kasodga uchrayapti — qirg‘izistonlik deputat

Videodan kadr: Kursiv Uzbekistan

Qirg‘iziston parlamenti deputati Burun Amanova guruch qo‘shni O‘zbekistondan kotrabanda yo‘li bilan olib kelinayotgani sabab mamlakatdagi fermerlar kasodga uchrayotgani, raqobat qilolmayotganini aytdi. Bu haqda u Jogorku Kenesh majlisida so‘z ochdi.

Deputatning aytishicha, Oq-Turpak tumanidagi fermerlar unga murojaat qilib, mamlakatga O‘zbekistondan arzon narxlarda kontrabanda guruch kiritilayotganidan shikoyat qilgan.

«Ular import qilingan guruch bilan raqobatlasha olmaydi va shuning uchun pul yo‘qotmoqda. Ularning aytishicha, import qilingan guruch Xitoydan ham bo‘lishi mumkin. Vazirlar Mahkamasi bu muammoni hal qilish uchun nima qilmoqda?», — deb so‘radi Burun Amanova.

Fabio Kannavaro Italiyada Aliqulov va Masharipov bilan uchrashdi

Foto: O‘FA

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Italiyada davolanayotgan Husniddin Aliqulov va Jaloliddin Masharipov bilan uchrashdi. Murabbiy futbolchilarning tiklanish jarayoni bilan tanishib, ularga sog‘lik tiladi.

Husniddin Aliqulov yaqinda jiddiy jarohat olgan va Rimda taniqli jarroh Pier Paolo Mariani tomonidan operatsiya qilingan edi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, «Rizespor» o‘zbekistonlik himoyachi bilan shartnomani 2027-yilgacha uzaytirgan, biroq uning to‘liq safga qaytishi uchun 6 oydan 9 oygacha vaqt talab etilishi mumkin. Bu esa uning yozda bo‘lib o‘tadigan «JCh — 2026»da ishtirok etishini so‘roq ostida qoldirmoqda.

Chinorkent – Amirsoy yo‘nalishida yangi mikroavtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

Chinorkent — Amirsoy yo‘nalishida yangi mikroavtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi
Foto: Transport vazirligi

Chinorkent – Yusufxona – Chimyon – Amirsoy yo‘nalishida yangi yo‘lovchi tashish tizimi joriy etilmoqda. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi. Unga ko‘ra, «Toshavtobustrans» MChJ tomonidan 20 dona zamonaviy Ford rusumli mikroavtobus xarid qilingan. Tog‘li hudud sharoitini hisobga olib, maxsus sinov qatnovlari o‘tkazilgan. Shu sababli Ford mikroavtobuslari tanlangan.

Yangi transport vositalari hudud aholisi hamda Chinorkent, Chimyon va Amirsoyga borayotgan sayyohlar uchun qulay sharoit yaratadi. Loyiha ekoturizmni rivojlantirish hamda hududlar o‘rtasidagi transport aloqasini mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Rossiyada payvandlovchilar eng ko‘p maosh oluvchi kasb egalari deb topildi

Foto: turonworld.uz

2026-yil yanvar oyida Rossiyada eng yuqori maosh to‘lanadigan vakansiyalar reytingida payvandlovchilar yetakchilik qildi. Bu haqda RIA Novosti nashri hh.ru tahlillariga tayanib xabar bermoqda. Tahlil natijalariga ko‘ra, yanvar oyida payvandlovchilar uchun taklif etilgan o‘rtacha maosh 267,3 ming rubl (42,5 mln so‘m)ni tashkil etgan. Kuchli uchlikdan data-sayentistlar (250 ming rubl – 39,7 mln so‘m) va DevOps-muhandislar (216,8 ming rubl – 34,5 mln so‘m) o‘rin oldi.

Qo‘qonda 116 mln so‘mlik noqonuniy gaz iste’moli aniqlandi

Qo‘qonda 116 mln so‘mlik noqonuniy gaz iste’moli aniqlandi
Foto: Videodan ekrasn tasviri

Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati fosh etildi. Bu haqda «Hududgazta’minot» AJ ma’lum qildi. Nazorat tadbiri davomida Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan do‘konda qoidabuzarlik aniqlangan. Xatlov jarayonida bino loyiha-texnik hujjatlarsiz yashirin ravishda gaz tarmog‘iga ulangani ma’lum bo‘ldi.

Holat yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirildi. Qayta hisob-kitob natijasida 116,6 mln so‘mlik zarar aniqlangan. Hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi. Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samarqandda 440 mln so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan issiqxona aniqlangani haqida yozgan edi.

Kuchli shamol sabab Qo‘shrabotda yirik elektr uzilishi sodir bo‘ldi

Kuchli shamol sabab Qo‘shrabotda yirik elektr uzilishi sodir bo‘ldi
Foto: Energetika vazirligi

Kuchli shamol sabab Qo‘shrabotda yirik elektr uzilishi sodir bo‘ldi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar bermoqda. Tabiiy ofat oqibatida qator elektr tayanchlari zarar ko‘rgan.

Ayni paytda mutaxassislar tomonidan eski va nosoz ustunlar o‘rniga yangi, mustahkam beton tayanchlar o‘rnatilmoqda. Tiklash ishlari belgilangan reja asosida olib borilyapti. Jarayonga qariyb 20 ta maxsus texnika jalb etilgan. Shuningdek, 17 ta brigada va 90 ga yaqin muhandis hamda malakali xodimlar uzluksiz ish olib bormoqda.

Kofe va choy iste’moli demensiya xavfini kamaytirishi mumkin

Foto: Indiascope

Kuniga bir necha finjon kofeinli kofe va choy ichish uzoq muddatda kognitiv funksiyalarni yaxshilashi mumkin. Tahlillar davomida 130 mingga yaqin insonlarning ma’lumotlari o‘rganib chiqildi. Olimlarning xulosasiga ko‘ra, o‘rta yoshda kofe ixlosmandlarida demensiya rivojlanish ehtimoli 18 foizga, choy ichuvchilarda esa 14 foizga kamroq bo‘lishi mumkin. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, kofeinsiz ichimliklar bunday ta’sirga ega emas.

Rossiyada YouTube to‘liq bloklashni boshladi

Foto: Chris Ratcliffe / Bloomberg

Roskomnadzor 1,5 yillik sekinlashtirish jarayonidan so‘ng YouTube’ni Rossiya hududida to‘liq bloklashni boshladi. Bu haqda The Moscow Times xabar bermoqda. Yangi cheklov usuli sayt manzilini IP-manzil bilan bog‘lashga to‘sqinlik qiladi, natijada foydalanuvchilar xatolik xabarini oladi. Bloklash uchun 2021-yildan beri barcha aloqa operatorlari uchun majburiy bo‘lgan Milliy domen nomlari tizimi (NSDI) qo‘llanilmoqda.

Shuningdek