Qozog‘iston qo‘shni davlatlarga Starlink internetidan foydalanish imkonini taqdim etadi

Qozog‘iston hukumati sun’iy yo‘ldosh orqali ishlovchi Starlink internet xizmatini qo‘shni davlatlar aholisi uchun ham ochish bo‘yicha qaror qabul qildi. Bu haqda Vlast.kz nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yilda xizmat Tojikistonda ishga tushirildi. Keyingi bosqichda esa Mongoliya va Qirg‘izistonda ham Starlink’dan foydalanish imkoniyati yaratiladi. Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vaziri Jaslan Madiyevning ta’kidlashicha, bu tashabbus Qozog‘istonning mintaqadagi raqamlashtirish bo‘yicha yetakchi pozitsiyasini mustahkamlaydi.
Shu bilan birga, mamlakat ichki telekommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilishni davom ettiradi. Joriy yilda 1,9 mingta qishloqqa optik tolali internet yetkazilishi rejalashtirilgan. 2027-yilga borib esa aholining 90 foizdan ortig‘i zamonaviy raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniga ega bo‘lishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, barcha respublika ahamiyatidagi avtomobil yo‘llari aloqa minoralari bilan jihozlanadi. Bu transport vositalari va mobil foydalanuvchilar uchun internet qamrovini kengaytirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti Qozog‘istonda 13-avgustdan boshlab ishga tushirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti Tojikistonda ishga tushirilgani haqida yozgandi.