
Xitoyda ishlab chiqarilgan ayrim eski avtomobillar kuzovdagi zaif lok-bo‘yoq qatlami sabab tez zanglayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda kuzov ta’miri bilan shug‘ullanuvchi Fit Service tarmog‘i direktori Yaroslav Kukarin ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muammo asosan 2010-yillar boshida chiqarilgan modellarga taalluqli.
Ekspert eng muammoli avtomobillar qatorida Geely Emgrand X7 modelini tilga oldi. Ushbu krossoverlarda zavod kuzovni yetarli darajada sink bilan qoplamagan va choklarni himoyalash sust bo‘lgan. 10 – 12 yil ichida eshik va g‘ildirak arkalarida chuqur zang paydo bo‘ladi. Ko‘plab mashinalar aynan shu sababli arzon narxda sotilmoqda.
Shuningdek, dastlabki avlod Chery Tiggo 4, Chery Tiggo 7 va Chery Tiggo 8 modellari ham zanglash bo‘yicha yuqori xavf guruhida. Bu avtomobillarda porog (avtomobil kuzovining pastki yon qismi) va orqa eshiklar tez buziladi. Zang ko‘pincha ichkaridan boshlanadi va bo‘yoq pufaklanib ko‘chadi.

Bundan tashqari, Lifan hamda Dongfeng’ning eski modellari ham yetarli darajada himoyalanmagan. MDH bozoriga minimal sink qoplama bilan yetkazilgan mashinalarda ta’mir xarajati ko‘pincha o‘zini oqlamaydi.
Shu bilan birga, mutaxassis zamonaviy Xitoy avtomobillari sezilarli darajada yaxshilanganini ta’kidladi. Oxirgi yillardagi yangilangan liniyalar sifatroq germetiklardan foydalanmoqda. Restayling jarayonida kamchiliklar tezda bartaraf etilmoqda.
Hozirgi modellarda muammolar ko‘p emas. Ular, asosan, kuzov pastki qismida va antikor ishlovi yetarli bo‘lmagan joylarda uchraydi. Bu esa tizimli metall nuqsonidan ko‘ra tejamkorlik bilan bog‘liq.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangilangan Chevrolet Onix 2026 avtomobili savdoga chiqqani haqida yozgan edi.