Navoiyda transport inspektoriga 800 ming so‘m pora taklif qilgan shaxs ushlandi

eʼlon qilindi
Inspektorlar Howo rusumli yuk avtomobilini to‘xtatib tekshirgan
Navoiyda transport inspektoriga 800 ming so‘m pora taklif qilgan shaxs ushlandi
Foto: Transport nazorati inspeksiyasi

Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi «Samarqand» YPX maskanida o‘tkazilgan tekshiruvda pora berishga uringan fuqaro qo‘lga olindi. Bu haqda Transport nazorati inspeksiyasi ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, inspektorlar Howo rusumli yuk avtomobilini to‘xtatib tekshirgan. Transport vositasi Turkiyada ro‘yxatdan o‘tkazilgan tirkama bilan harakatlanayotgani aniqlangan. Hujjatlar tekshirilganda haydovchining boshqa davlatda ro‘yxatdan o‘tgan transport vositasidan qonunga xilof foydalanish alomatlari mavjudligi ma’lum bo‘lgan.

Foto: Transport nazorati inspeksiyasi

Ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilayotgan paytda, o‘zini yuk egasi sifatida tanishtirgan fuqaro inspektorga 800 ming so‘m taklif qilib, chora ko‘rmaslikni so‘ragan. Xodim unga bu harakat jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishini tushuntirgan. Shunga qaramay, fuqaro urinishni davom ettirgan.

Inspektor bu haqda mas’ul idoralarga murojaat qilgan. Tezkor tadbir davomida fuqaro 500 ming so‘mni pora sifatida berayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Holat yuzasidan pora berish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namanganda 20 yoshli qalbaki pulfurush qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, Andijon viloyatining Asaka tumanida istiqomat qiluvchi, 2005-yilda tug‘ilgan shaxs «shartli xaridor»ga 200 dona 100 ming so‘mlik va 125 dona 200 ming so‘mlik qalbaki kupyuralarni, jami 45 mln so‘mlik pulni 18 mln so‘mga sotayotgan vaqtida ushlanadi.

Shuningdek