Taxiatoshda 8,6 mlrd so‘mlik gazni o‘g‘irlagan «zapravka»lar fosh etildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumanidagi uchta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi (AGTKSh)da tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi. Bu haqda «Hududgazta’minot» AJ ma’lum qildi.
Ishchi guruh tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda «I.R.1» va «I.R.2» MChJlarga qarashli AGTKShlarda hisoblash uskunalariga tashqi ta’sir o‘tkazilgani aniqlangan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu ikki shoxobchada 2,5 mlrd so‘m va 2,3 mlrd so‘mlik zarar qayd etilgan.
Shuningdek, tumandagi «T.M.S.» MChJga qarashli AGTKShda hisoblagichning harorat datchigiga noqonuniy moslama o‘rnatilgani aniqlangan. Natijada 3,8 mlrd so‘mlik tabiiy gaz hajmi qayta hisob-kitob qilingan.
Mazkur «zapravka»larda aniqlangan umumiy zarar miqdori 8,6 mlrd so‘mni tashkil etdi. Holatlar bo‘yicha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan. Tekshiruv ishlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 11-fevraldan metan «zapravka»lar odatdagi ish rejimiga qaytdi. Endilikda AGTKShlarga belgilangan cheklovlar bekor qilinadi va «zapravka»lar doimiy ish rejimiga qaytadi.