Audi S6 avtomobili nega ishlab chiqarilmaydi

12-fevral 2026 10:49 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Audi S6 avtomobili nega ishlab chiqarilmaydi
Foto: Audi

Audi deyarli 30 yillik tarixga ega benzinli Audi S6 sport sedanini ishlab chiqarishdan olib tashladi. Bu haqda Motor1 portali xabar bermoqda. Kompaniya yangi avlodda ichki yonuv dvigatelli S6 bo‘lmasligini rasman tasdiqladi.

Model ilk bor 1994-yilda taqdim etilgan va 1997-yilgacha ishlab chiqarilgan. Ikkinchi avlod 1999 – 2003-yillarda konveyerdan tushgan. 2006-yildan buyon esa model uzluksiz ravishda chiqarib kelinayotgandi.

Yangi qaror Audi modellari ichki raqobatini kamaytirish va elektrifikatsiya strategiyasiga o‘tish bilan bog‘liq. Endilikda kuchli sedan roli yangilangan A6 hamda to‘liq elektr Audi S6 e-tron o‘rtasida taqsimlanadi.

Yangilangan A6 3,0 litrli V6 dvigatel bilan taklif qilinadi. Uning quvvati 362 ot kuchiga teng. Bu ko‘rsatkich 444 ot kuchli avvalgi S6 darajasiga yetmaydi. Shu sabab kuch bo‘yicha asosiy urg‘u 503 ot kuchiga ega to‘liq g‘ildirakdan tortuvchi S6 e-tron’ga qaratiladi.

Shu bilan birga, kompaniya benzinli kuchli motorlardan to‘liq voz kechmaydi. An’anaviy dvigatelni xohlaganlar uchun Audi RS6 Avant liniyada saqlanib qoladi. Yangi avlod RS6 Avant yaqin orada taqdim etilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Audi 2027-yilgi yangi modellarini taqdim qilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek