Sherzod Shermatov 15 million kishining ma’lumoti sizib chiqqani haqidagi xabarlarni rad etdi

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan 15 mln fuqaroning shaxsiy ma’lumotlari sotilgani to‘g‘risidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.
Vazirlik bayonotiga ko‘ra, 27–30-yanvar kunlari uchta davlat idorasiga uyushtirilgan kiberhujumlar natijasida 60 mingga yaqin fuqaroning ma’lumotlari sizib chiqqan.

Kiberhujumlarni bartaraf etish doirasida axborot infratuzilmalariga ruxsatsiz kirishlarga chek qo‘yilib, texnik himoya vositalari kuchaytirilgan. Shuningdek, Yagona identifikatsiya tizimida xavfsizlik choralari oshirilib, fuqarolarga o‘z shaxsiy ma’lumotlarini boshqa tizimlarga taqdim etishni nazorat qilish yoki cheklash imkoniyati yaratilgan.
Vazirning ta’kidlashicha, ma’lumotlar sizib chiqishi fuqaroning shaxsiy akkaunti buzilganini anglatmaydi.

«Shaxsiy ma’lumot sizib chiqishi degani – bu fuqaroning shaxsiy akkaunti buzilgan degani emas, bunda asosan fuqarolarning ism-sharifi, tug‘ilgan sanasi, manzili, telefon raqami kabi ma’lumotlardan biri qo‘lga kiritilgan bo‘lishi mumkin», — deyiladi xabarda.
Mutaxassislarning qayd etishicha, firibgarlar faqat ushbu ma’lumotlar bilan fuqaroning bevosita ishtirokisiz uning nomidan hech qanday harakatni amalga oshirolmaydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2026-yilda 186 mln kishi ishsiz qolishi haqida xabar bergan edi.