2025-yilda 135 nafar nomzod ilk bor sudyalik lavozimiga tayinlandi

O‘zbekistonda 2025-yilda 135 nafar nomzod ilk bor sudyalik lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning Sudyalar oliy kengashi raisining axboroti bilan tanishuvida qayd etildi. 286 nafar sudya qayta tayinlandi. 241 nafardan iborat tergov sudyalari korpusi shakllantirildi.
Hisobot davrida 59 nafar sudyaning vakolatlari muddatidan ilgari tugatildi. Shundan 19 nafari sudyalik qasamyodini buzgan yoki Odob kodeksiga rioya qilmagani uchun ishdan ozod etildi. 3 nafar sudya jinoiy javobgarlikka tortildi. 58 nafar sudyaning lavozimi pasaytirildi. 33 nafar sudya navbatdagi lavozimga noloyiq deb topildi. 266 nafar sudya intizomiy javobgarlikka tortildi.
Sud faoliyatiga aralashish holatlari bo‘yicha Bosh prokuraturaga 5 ta taqdimnoma kiritildi. Sudya daxlsizligi buzilgani haqida tezkor xabar yuborish uchun rasmiy sayt orqali onlayn tizim ishga tushirildi.
Hududiy sudlar raislari chiqargan 6 mingdan ortiq buyruq o‘rganildi. 231 ta buyruqda 314 nafar sudyaga odil sudlov bilan bog‘liq bo‘lmagan vazifalar yuklatilgani aniqlanib, bartaraf etildi.
Shu munosabat bilan sudyani unga xos bo‘lmagan vazifalardan ozod etish uchun «sud ma’murchiligi» institutini joriy etish taklif qilindi. Shuningdek, Sudyalar intizomiy hay’atini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Sudya va ularning oila a’zolari mol-mulkini deklaratsiya qilish, sud apparatida komplayens nazorat tizimini joriy etish va ishga qabulni ochiq tartibda amalga oshirish masalalari ham muhokama qilindi.
Yig‘ilishda sud tizimida gender tenglikni ta’minlash masalasi ham ko‘rib chiqilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Shavkat Mirziyoyev senator Mirakbar Rahmonqulov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirgani haqida yozgan edi.