2030-yilgacha kreativ iqtisodiyot ulushi 5 foizga yetkaziladi

Shavkat Mirziyoyevga kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, madaniyat muassasalari infratuzilmasini yangilash va yangi kreativ maydonlarni tashkil etish bo‘yicha loyihalar taqdim qilindi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, 2024-yilda O‘zbekistonda kreativ iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 3,7 foizni yoki 56,8 trillion so‘mni tashkil etgan. Sohada 319 ming nafardan ortiq aholi band bo‘lib, eksport hajmi $770,6 millionga yetgan. 2030-yilgacha ushbu ko‘rsatkichni 5 foizga yoki 145 trillion so‘mga yetkazish, eksportni $1 milliardga olib chiqish hamda bandlikni 500 ming nafardan oshirish maqsad qilingan.
Taqdimotda Toshkent shahrida barpo etiladigan Kreativ industriya parki konsepsiyasi ko‘rib chiqildi. Unda yashil hudud, art-obyektlar, dasturlash maktabi, kitob kafesi, sport maydonlari, ijodiy pavilyonlar, kovorking va ofislar, kino va video ishlab chiqarish maydonlari, ovoz yozish studiyasi hamda yoshlar va ijodkorlar uchun mehmonxona qurilishi rejalashtirilgan. Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi. Shuningdek, Yangi Toshkent va Nukus shahrida ham kreativ parklar tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Nukusdagi loyiha doirasida Istiqlol bog‘idagi pavilyon rekonstruksiya qilinib, ko‘p funksiyali jamoat-madaniyat markaziga aylantiriladi. Bu yerda O‘zbekistonning «EKSPO – 2025» dagi milliy pavilyoni joylashtiriladi va zamonaviy kutubxona barpo etiladi.
Yig‘ilishda respublikadagi 800 dan ortiq madaniyat markazining yarmidan ko‘pi ta’mirtalab holatda ekani qayd etildi. Shu bois Toshkent, Qo‘qon, Buxoro va Samarqand shaharlaridagi 4 ta markaz negizida zamonaviy model asosida pilot loyiha amalga oshirilmoqda. Ulardan biri Toshkentdagi Gulshan madaniyat markazi bazasida tashkil qilinadi.
Bundan tashqari, Buyuk Britaniya Qirollik jamg‘armasi maktabi tajribasi asosida Toshkentda An’anaviy san’at oliy maktabini tashkil etish rejalashtirilgan. Ta’lim ingliz tilida olib borilib, 2027-yildan boshlab mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, Milliy restavratsiya institutini tashkil etish, Samarqanddagi Bibixonim masjidini restavratsiya qilish hamda Turkiston yozgi amfiteatrini ta’mirlash loyihalari muhokama qilindi. Restavratsiya ishlari UNESCO bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi ta’kidlandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mirziyoyev Sudyalar oliy kengashi raisining axboroti bilan tanishgani haqida yozgandi.