Toshkentda 45, 137 va 6-sonli avtobus yo‘nalishlari o‘zgartiriladi

2026-yil 16-fevraldan boshlab Toshkent shahrida ayrim avtobus yo‘nalishlariga o‘zgartirish kiritiladi. Bu haqda Тоshkent shahar transport bosh boshqarmasi xabar berdi.
Boshqarmaga ko‘ra, mazkur qaror bir-birini takrorlaydigan yo‘nalishlarni muvofiqlashtirish va interval vaqtini qisqartirish maqsadida qabul qilingan.

Xususan, 45-sonli avtobus endilikda Food City savdo markazigacha bormaydi. Yo‘nalish «Qushbegi mavzesi – Qo‘yliq dehqon bozori» oralig‘ida harakatlanadi. Hozirda Qo‘yliq dehqon bozori va Food City oralig‘ida 39, 93, 117, 128, 130 va 183-sonli yo‘nalishlar qatnaydi. Ushbu yo‘nalishlarda jami 64 ta katta sig‘imli avtobus xizmat ko‘rsatmoqda.

137-sonli avtobus ham qisqartiriladi. U Qo‘shqo‘rg‘on mahallasidan Yangi Qo‘yliq ko‘chasi bekatigacha bo‘lgan qismda harakatlanmaydi. Yo‘nalish endi «Yangi Qo‘yliq ko‘chasi – Yangi Toshkent» oralig‘ida bo‘ladi.

Shuningdek, 6-sonli avtobusning Yunusobod 17-dahasidan Yunusobod 6-dahasiga bir tomonlama harakat yo‘li o‘zgartiriladi. U Yangi shahar va Rixsiliy ko‘chalari orqali Amir Temur ko‘chasiga chiqmaydi. Mazkur hududda 7, 24, 25, 50, 71, 93, 96 va 124-sonli avtobuslar qatnamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoroga 25 ta zamonaviy avtobus yetkazilgani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra «Bux pit stop» MChJ Buxoroga navbatdagi zamonaviy avtobuslar partiyasini yetkazib berdi.