
Kolesa.kz portalida 1989-yilda ishlab chiqarilgan Toyota Corolla Levin sotuvga qo‘yildi. Ikki eshikli ushbu avtomobil narxi 10 mln tenge (249 mln so‘m) deb belgilangan. O‘zbekiston sharoitida bu narxga yangi Hyundai Elantra olish mumkin.

Model AE92 indeksiga ega bo‘lib, afsonaviy AE86 avlodining davomchisi hisoblanadi. U sport ruhini saqlab qolgan, biroq orqa g‘ildirakdan tortish tizimi o‘rniga old g‘ildirakdan tortish tizimiga ega.

E’longa ko‘ra, avtomobil qora rangda va yaxshi holatda. Egasi mashina original bo‘yoqda ekanini, zang yo‘qligini va kolleksionerlar uchun qimmatli nusxa ekanini ta’kidlagan.
Mazkur versiya oddiy komplektatsiya emas. Unda raqamli asboblar paneli va TEMS elektron osma tizimi mavjud. Bu tizim amortizator qattiqligini o‘zgartirish imkonini beradi.

Kapoti ostida 1,6 litrli 16 klapanli 4A-GE atmosfer dvigateli joylashgan. Uning quvvati 140 ot kuchini tashkil etadi. Dvigatel 4 pog‘onali avtomat uzatma bilan ishlaydi.

Odometr ko‘rsatkichi 151 ming kmni tashkil etadi. E’londa qayd etilishicha, avtomobil mamlakatga olib kirilgandan beri bitta egaga tegishli bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq to‘rtta eski Chevrolet avtomobillari auksionga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi. Lot uchta Chevrolet Bel Air va bitta Chevrolet 150 modelidan iborat.