1 mlrd so‘mgacha investitsiya: «Yosh tadbirkorlar» chempionati yo‘lga qo‘yiladi

eʼlon qilindi
2026-yildan boshlab har yili
1 mlrd so‘mgacha investitsiya: «Yosh tadbirkorlar» chempionati yo‘lga qo‘yiladi
Foto: Hiscox

2026-yildan boshlab har yili yoshlarning eng yaxshi biznes va startap loyihalarini aniqlash va rag‘batlantirish maqsadida «Yosh tadbirkorlar» chempionati o‘tkaziladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Tegishli qarorga ko‘ra, tanlab olingan 100 tagacha biznes va startap loyihalarning har biriga 1 mlrd so‘mgacha investitsiya kiritiladi. Mablag‘lar Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi va «Yoshlar ventures» venchur jamg‘armasi hisobidan ajratiladi.

Shuningdek, ajratilgan mablag‘lar doirasida startap va biznes loyihalarni brendga aylantirish uchun moliyaviy va marketing xizmatlari bo‘yicha ekspertlar xarajatlari ham qoplanadi. Bu xarajatlar BHMning 100 baravarigacha (41,2 mln so‘m) bo‘lishi mumkin.

Chempionat g‘oliblari davlat mukofotlari hamda «Faol tadbirkor» va «O‘zbekiston belgisi» ko‘krak nishonlariga tavsiya etilishi mumkin.

2026-yil 1-apreldan «Raqamli startaplar» dasturida ishtirok etuvchi loyihalarga IT-park rezidenti maqomi beriladi. Ular eksportning minimal ko‘rsatkichlari talab qilinmasdan, qonunchilikda nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalardan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, 2026-yildan boshlab har yili «Startap expo» ko‘rgazmasi ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Eng yaxshi startap g‘oyasi» va «Eng innovatsion g‘oya» tanlovlari yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek