Mercedes-AMG yana 6 silindrli dvigatellarga qaytmoqda

Mercedes-AMG brendi avtomobil ixlosmandlarining tanqidlaridan so‘ng, yangi turbokompressorli 6 silindrli dvigatelni taqdim etdi. Yangi agregat sotuvi kutilganidan past bo‘lgan 4 silindrli gibrid tizimlarning o‘rnini bosishi kutilmoqda. Bu haqda CarBuzz xabar berdi.
Kompaniyaning avvalgi Mercedes-AMG C63 modeli 671 ot kuchiga ega bo‘lishiga qaramay, 4 silindrli gibrid tizim va og‘ir batareyalar sababli xaridorlarga manzur bo‘lmagan edi. AMG brendi asosan V8 dvigatellari va ularning o‘ziga xos ovozi bilan mashhur bo‘lgani uchun silindrlar sonining keskin qisqarishi mijozlarni BMW va Cadillac kabi raqobatchilarga o‘tib ketishiga sabab bo‘lgan.

Yangi ishlab chiqilgan yumshoq gibrid tizimli, 3,0 litrli 6 silindrli dvigatel 443 ot kuchi va 600 Nm aylantirish momentini taqdim etadi. Qisqa muddatli kuchaytirish funksiyasi orqali aylantirish momentini vaqtincha 640 Nm gacha oshirish mumkin. Ushbu model to‘g‘ridan to‘g‘ri BMW M440i bilan raqobatlashishi ko‘zda tutilgan.

Yangi modeldagi asosiy o‘zgarishlardan biri, bu – vaznning kamayishi. Avvalgi PHEV C63 modeli 2,2 ming kg tosh bosgan bo‘lsa, yangi CLE 53 va unga o‘xshash modellar taxminan 2 ming kg atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mercedes-Benz S-Class Chevrolet uslubidagi pikapga aylantirilgani haqida xabar bergan edi.