
Aholining mahalliy avtomobillarga talabini rag‘batlantirish maqsadida avtokredit stavkalarini pasaytiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.
O‘zbekistonda yiliga 650 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega 4 ta yirik korxona faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda ishlab chiqariladigan avtomobillar sonini 510 ming donaga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Buning uchun 300 dan ortiq mahalliy korxona bilan hamkorlikda yana 763 turdagi detalni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish muhim ekani ta’kidlandi. Bu mahalliylashtirish darajasini oshirishga xizmat qiladi.
Aholining mahalliy avtomobillarga talabini rag‘batlantirish maqsadida avtokredit stavkalarini pasaytirish va kredit hajmini oshirish choralarini ko‘rish topshirildi.
Shuningdek, dehqon va fermerlarda bog‘dorchilik traktori, ko‘chat ekish, hosil yig‘ish va kartoshka kavlash texnikalariga talab ortib bormoqda. Agar Chirchiqdagi klaster to‘liq quvvatda ishlab, agrotexnikalarni arzon narxda chiqarsa va lizing kompaniyalari qulay moliyaviy shartlar taklif etsa, fermerlar yiliga kamida 15 ming dona texnika xarid qilishga tayyor.
Avtomobil sanoati mutasaddilariga ishlab chiqarish dasturini qayta ko‘rib chiqib, joriy yilda 10,5 foizlik o‘sishni ta’minlash vazifasi yuklatildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Premier» zavodida $87 milllionlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilishi haqida xabar berilgandi.