Turkiyada bedarak yo‘qolgan yana bir o‘zbekistonlik ayolning jasadi topildi

eʼlon qilindi
U Durdona Xakimovaning yaqin dugonasi bo‘lgan
Turkiyada bedarak yo‘qolgan yana bir o‘zbekistonlik ayolning jasadi topildi
Foto: Daily Sabah

Avvalroq Istanbulda o‘zbekistonlik fuqaro Durdona Xakimovaning fojiali o‘limi ortidan bedarak yo‘qolgan deb topilgan Sayyora Ergashalievaning vafot etgani aniqlandi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, u marhuma bilan yaqin dugona bo‘lgan. Tergov jarayonida qo‘lga olingan gumonlanuvchilar ushbu fuqaro haqida ko‘rsatma berishdan bosh tortgani qayd etilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 22-yanvar kuni marhumalar va gumonlanuvchilar Istanbul shahrining Fotih tumanidagi restoranlardan birida birga tushlik qilgan. S.Ergashalieva va G.K. o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Taxminlarga ko‘ra, mojaro S.Ergashalievaning O‘zbekistonga qaytish niyati bilan bog‘liq masalada kelib chiqqan.

Tergov ma’lumotiga ko‘ra, 23-yanvar kuni gumonlanuvchilar o‘zaro til biriktirib, S.Ergashalievani o‘ldirgan. Ertasi kuni uning telefonidan foydalanib, dugonasini ham uchrashuvga chaqirishgan va unga nisbatan ham jinoyat sodir etilgan.

OAVda jasad topilgani haqida xabarlar tarqalgan. Biroq Istanbul sud-tibbiy ekspertizasiga hozircha jasad olib kelinmagani ma’lum qilingan.

O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi mazkur holatni nazoratga olgan va Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda ish olib bormoqda. Gumonlanuvchilar qamoqqa olingan va aybiga iqror bo‘lgani bildirildi. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Istanbulda Durdona Xakimovaning fojiali o‘limi ortidan turk ayollari ommaviy norozilik yurishini o‘tkazgandi. Hodisa Turkiya jamoatchiligi orasida katta rezonans uyg‘otdi. Yurish shaharning Shishli tumanida bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek