O‘zbekistonda dam olish kunlari havo harorati 22 darajagacha ko‘tariladi

13–15-fevral kunlari O‘zbekistonda havo harorati sezilarli darajada ko‘tarilishi va yakshanba kuni 22 darajagacha iliq bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Bu haqda «O‘zgidromet» xizmati xabar bermoqda.
14-fevral, shanba kuni yog‘ingarchilik sharqqa siljiydi va kechasi hamda ertalab markaziy va sharqiy viloyatlarda yomg‘ir saqlanib qoladi. Dam olish kunlarining qolgan qismida respublika bo‘ylab quruq ob-havo o‘rnatilishi kutilmoqda.
Havo harorati bosqichma-bosqich ko‘tarilib yakshanba kuni 17–22 darajagacha yetadi. Kechasi harorat 5–10 daraja iliq atrofida bo‘ladi. Shamol tezligi 7–12 m/s oralig‘ida esadi va ayrim hududlarga tuman tushishi mumkin.
Shanba kunidan boshlab poytaxtda yog‘ingarchilik to‘xtaydi va yakshanba kuni havo 20 darajagacha isiydi. Mutaxassislar tog‘oldi va tog‘li hududlarda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi hamda qor ko‘chishi xavfidan ogohlantirmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 13-fevral kuni qanday ob-havo kuzatilishi haqida xabar bergan edi.