
Xitoyda Audi E7X avtomobilining ommaviy ishlab chiqariladigan versiyasi rasman namoyish etildi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda. Model sovuq iqlim sharoitidagi sinovlar vaqtida ko‘rsatilgan.
Audi E7X — Audi va SAIC Motor hamkorligidagi qo‘shma brend mahsuloti. Mazkur brend faqat Xitoy bozori uchun avtomobillar ishlab chiqaradi. U an’anaviy to‘rt halqali Audi logotipidan voz kechgan va oddiy yozuv shaklidagi «Audi» belgisi bilan taqdim etiladi. O‘tgan yili brend ilk modeli — Audi E5 Sportbackni chiqargan edi. Biroq model 2025-yilda atigi 6,6 ming dona sotilib, kutilgan natijani bermagan.

Texnik xususiyatlari
Audi E7X o‘lchamlari 5049/1997/1710 mm ni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 3060 mm. Model 21 yoki 22 dyuymli disklarda taklif qilinadi.
Boshlang‘ich orqa yetakchi versiyada 300 kW, ya’ni 402 ot kuchiga ega bitta elektromotor o‘rnatilgan. To‘liq privodli versiyada esa ikki motorli tizim qo‘llanadi va umumiy quvvat 500 kW, ya’ni 670 ot kuchiga yetadi. Maksimal tezlik 230 km/soat etib belgilangan.
Model ikki turdagi batareya bilan taklif etiladi. Birinchi variant 100 kVt/soat, ikkinchisi 109,3 kVt·soat sig‘imga ega. Zaxira yurish masofasi 635 km dan 751 km gacha yetadi.

Dizayn va texnologiya
Audi E7X 22 dyuymli disklarga, an’anaviy yon ko‘zgular o‘rniga kameralarga va tom qismida LiDAR sensoriga ega. Old bamperda faol havo kirish tizimi mavjud. Avtomobil B ustunida ham qo‘shimcha kamera bilan jihozlangan.
Kuzovda yoritiluvchi logotip va nuqtali LED yorug‘lik elementlari qo‘llanilgan. G‘ildirak markazidagi yozuv har doim tik holatda turishi uchun maxsus og‘irlik tizimi ishlatilgan. Model tortib kiruvchi eshik tutqichlari, keng qanotlar va pastga qarab egilgan kapot bilan sportcha ko‘rinishga ega.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Audi S6 avtomobili nega ishlab chiqarilmasligi haqida yozgan edi.