Ramazon oyida arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkalari tashkil etiladi

Ramazon oyida arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkalari faoliyat yuritadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Endi Tarmoq bozorlari va mehnat unumdorligi markazining har bir hududiy boshqarmada 2 nafardan vakili bo‘ladi. Ular har haftada tuman va shaharlardagi bozorlarni tahlil qilib, qaysi mahsulotga qancha ehtiyoj borligini va kelgusi bir oy, uch oy hamda bir yil ichida talab qanday o‘zgarishini prognoz qiladi.
Shuningdek, mavjud ishlab chiqarish quvvatlari va omborlardagi zaxiralar talabni qanchalik qoplay olishi o‘rganiladi. Yetishmaydigan qismi qaysi manbalar hisobidan ta’minlanishi bo‘yicha har chorakda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari balansi tuziladi.
«Keyingi haftadan muborak Ramazon oyi boshlanadi. Saxovat, mehr-oqibat va shukronalik ramzi bo‘lgan ushbu muqaddas kunlarda ichki bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlash har qachongidan ham muhim», — dedi davlat rahbari hamda dehqon bozorlari va yirik savdo komplekslarida arzonlashgan oziq-ovqat yarmarkalarini boshlash bo‘yicha topshiriq berdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bosh prokuratura past quvvatda ishlayotgan korxonalarni o‘rganishi haqida xabar berilgandi. Yig‘ilishda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kreditlar hajmi oshayotgani, biroq ayrim hududlarda bu mablag‘larning iqtisodiy o‘sishga, yangi ish o‘rinlariga va budjet tushumlariga ta’siri yetarli darajada bo‘lmayotgani qayd etildi.