Prezident tanqid qilgan “Malika” bozorida soliq tekshiruvi o‘tkazildi

eʼlon qilindi
129 ta yuridik shaxs va 267 nafar yakka tartibdagi tadbirkor faoliyati o‘rganildi
Prezident tanqid qilgan «Malika» bozorida soliq tekshiruvi o‘tkazildi / Foto: Soliq qo’mitasi

To‘lov intizomi buzilgani sababli prezident tanqidiga uchragan «Malika» savdo majmuasida soliq tekshiruvi o‘tkazildi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.

27-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha videoselektor o‘tkazilgan edi. Yig‘ilishda «Malika» savdo kompleksidagi to’lov intizomi ayanchli ahvolda ekani qayd etilgan.

«Kompleksda 1,5 mingga yaqin tadbirkor faoliyat yuritsa-da, ularning faqat to‘rtdan biri ro‘yxatdan o‘tgan, 25 foizi oyiga 1 mln so‘m ham soliq to‘lamayapti. Shuningdek, dekabr oyida plastik kartalar orqali yechib olingan 600 mlrd so‘mlik savdo tushumi yashirilgan», — degan edi davlat rahbari.

Foto: Soliq qo’mitasi

Tekshiruv davomida savdo jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash, tushumlarni to‘liq aks ettirish, naqdsiz hisob-kitoblarni kengaytirish, nazorat-kassa texnikalaridan foydalanish hamda elektron hisob-fakturalarni o‘z vaqtida rasmiylashtirish bo‘yicha tushuntirishlar berildi.

Natijada, majmua hududida 129 ta yuridik shaxs va 267 nafar yakka tartibdagi tadbirkor faoliyati o‘rganildi. Shuningdek, 117 nafar fuqaro belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilib, ularning faoliyati rasmiylashtirildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentdagi yashirin va kuzatilmaydigan iqtisodiyot 60 trln so‘mga yetgani haqida xabar bergan edik.

Shuningdek