Markaziy Osiyo vazirlari suv va energetika bo‘yicha uch tomonlama hamkorlikni kuchaytirishni muhokama qildi

Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston energetika vazirlari uchrashuv o‘tkazib, mintaqaviy suv va energetika hamkorligini mustahkamlash masalasini muhokama qildi.
Muzokaralarda Qozog‘iston energetika vaziri Yerlan Akkenjenov, Qirg‘iziston vaziri Taalaibek Ibrayev va O‘zbekiston energetika vaziri Jurabek Mirzamahmudov ishtirok etdi. Tomonlar amaldagi hamkorlik natijalarini ko‘rib chiqdi va ustuvor yo‘nalishlarni belgiladi.
Asosiy e’tibor mintaqaviy energiya tizimining barqaror va muvozanatli ishlashini ta’minlashga qaratildi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish jadvalini muvofiqlashtirish va suvdan foydalanish bo‘yicha kelishuvlarga rioya etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, transchegaraviy daryolardagi suv oqimini barqaror saqlash muhim ekani ta’kidlandi. Bu masala qishloq xo‘jaligi va energetika xavfsizligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Vazirlar mavsumiy yuklama davrlarida o‘zaro yordam va tezkor muvofiqlashtirish zarurligini qayd etdi. Uchrashuv yakunida uch tomonlama protokol imzolandi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Qashqadaryoda suv tanqisligiga qarshi sun’iy muzliklar barpo etilgani haqida yozgan edi.