Metroda harakat xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun jarima, Davaktivga yangi rahbar — hafta davomida e’lon qilingan yangiliklar

Metroda harakat xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun jarima, Davaktivga yangi rahbar — hafta davomida e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
O‘zbekiston eksporti 2025-yilda 24 foizga oshdi
Foto: Milliy statistika qo‘mitasi
2025-yilda O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasida eksport hajmi $33,8 mlrdga yetdi. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24 foizga yuqori. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berilmoqda.
Hisobot davrida O‘zbekiston eksportida eng yuqori ulushga ega bo‘lgan davlatlar ro‘yxatini Rossiya ($4,3 mlrd) boshqarmoqda. Ikkinchi o‘rinni Xitoy ($2,5 mlrd) egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rinda Qozog‘iston ($1,5 mlrd) qayd etilgan. Afg‘oniston ham xuddi shunday, ya’ni $1,5 mlrdlik ko‘rsatkich bilan yetakchi hamkorlar qatoridan joy olgan.
Metroda harakat xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun jarima joriy etildi
Foto: Milliy statistika qo‘mitasi
Temir yo‘l transporti va metropolitenda harakat hamda tashish xavfsizligi talablarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Endilikda ushbu qoidabuzarliklar uchun mansabdor shaxslar va xodimlarga BHMning 10 baravari (4,1 mln so‘m) miqdorida jarima solinadi.
Crypto.com egasi 70 million dollarga domen sotib oldi
Crypto.com asoschilaridan biri va bosh direktori Kris Marshalek AI.com brendi ostida AI agentlari uchun yangi platformani ishga tushirdi, u domenni $70 millionga sotib olgan. Bu haqda Financial Times xabar berdi.
Islom taraqqiyot banki O‘zbekistonga 164 mln dollar ajratadi
Foto: ITB
Islom taraqqiyot banki (IsDB) O‘zbekiston infratuzilmasi va ta’lim sohasini rivojlantirish uchun $164 mln miqdorida mablag‘ ajratadi. Bu bo‘yicha tegishli moliyalashtirish bitimlari Saudiya Arabistonining Al-Ula shahrida o‘tayotgan xalqaro konferensiya doirasida imzolandi.
Hujjatlarga IsDB prezidenti Muhammad Al-Jassir va O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov imzo chekdi.
Endi o‘zini band qilganlar BHMning kamida 1 baravarida soliq to‘laydi
«Aholi bandligi to‘g‘risida»gi Qonunga o‘zgartirishlar kiritildi. Endilikda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar BHMning kamida 1 baravari miqdorida ixtiyoriy tartibda ijtimoiy soliq to‘lashlari mumkin. Ilgari ushbu soliq miqdori BHMning 50 foizidan kam bo‘lmasligi belgilangan edi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Qonunchilikka tadbirkorlar faoliyatini soddalashtirish va ortiqcha byurokratik to‘siqlarni kamaytirishga qaratilgan boshqa qo‘shimcha o‘zgarishlar ham kiritildi.
Surxondaryoda tuman ekologiya bo‘limi boshlig‘i pora bilan ushlandi
Surxondaryo Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasining tumanlardan biridagi bo‘limi boshlig‘i pora talab etgan paytida qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mansabdor mahalliy MChJ hududida 14 tup gujum, 6 tup archa, 1 tup tut va 1 tup chinor daraxtlari tegishli ruxsatnomasiz kesilgani bo‘yicha tuzilgan dalolatnomani tabiatga yetkazilgan zararni kamaytirib ko‘rsatish evaziga $500 miqdorida pora talab qilgan.
Pekin – Toshkent yo‘nalishida poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi — chipta narxi 50 ming dollar
Foto: Travel and Tour World
Buyuk Britaniyaning Golden Eagle Luxury Trains kompaniyasi Pekin – Toshkent yo‘nalishida yangi hashamatli sayyohlik poyezdini yo‘lga qo‘yishini e’lon qildi. «Buyuk Ipak yo‘li poyezdda» nomli mazkur loyiha 22 kunlik temir yo‘l safari sifatida tashkil etiladi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga direktor tayinlandi
Foto: gov.uz
Prezidenti farmoyishiga binoan, Sohibjon Murodov Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi ma’lum qildi.
Bunga qadar Sohibjon Murodov «Elektron onlayn-auksionlar tashkiloti» AJ direktori sifatida faoliyat yuritgan.
ChatGPT’ning ayrim tarif rejalarida reklamalar paydo bo‘lishi mumkin
Foto: ChatGPT
OpenAI kompaniyasi ChatGPT’ning Free va Go obuna rejalaridagi foydalanuvchilar uchun reklamalarni sinovdan o‘tkazmoqda. Go rejasi AQShda oyiga $8 turadigan arzon obuna bo‘lib, yanvar o‘rtalarida global miqyosda taqdim etilgan. Boshqa pullik obuna rejalari, jumladan Plus, Pro, Business, Enterprise va Education foydalanuvchilariga reklama chiqmaydi.
Olmaliqdagi maktabda 10-sinf o‘quvchisi vafot etdi: holat tekshirilmoqda
Foto: Pexels
Ijtimoiy tarmoqlarda Olmaliq shahridagi maktabda 10-sinf o‘quvchisi vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.
Telegramdagi «Nemolchi» kanaliga ko‘ra, 10-sinf o‘quvchisining o‘limiga maktabda o‘tkazilgan «tarbiyaviy» suhbat sabab bo‘lgani aytilmoqda. Ota-onalar murojaatida suhbat ichki ishlar xodimlari ishtirokida o‘tganini bildirgan.
O‘zbekiston guruchi sabab fermerlar kasodga uchrayapti — qirg‘izistonlik deputat
Videodan kadr: Kursiv Uzbekistan
Qirg‘iziston parlamenti deputati Burun Amanova guruch qo‘shni O‘zbekistondan kotrabanda yo‘li bilan olib kelinayotgani sabab mamlakatdagi fermerlar kasodga uchrayotgani, raqobat qilolmayotganini aytdi. Bu haqda u Jogorku Kenesh majlisida so‘z ochdi.
Deputatning aytishicha, Oq-Turpak tumanidagi fermerlar unga murojaat qilib, mamlakatga O‘zbekistondan arzon narxlarda kontrabanda guruch kiritilayotganidan shikoyat qilgan.
«Ular import qilingan guruch bilan raqobatlasha olmaydi va shuning uchun pul yo‘qotmoqda. Ularning aytishicha, import qilingan guruch Xitoydan ham bo‘lishi mumkin. Vazirlar Mahkamasi bu muammoni hal qilish uchun nima qilmoqda?», — deb so‘radi Burun Amanova.
Fabio Kannavaro Italiyada Aliqulov va Masharipov bilan uchrashdi
Foto: O‘FA
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Italiyada davolanayotgan Husniddin Aliqulov va Jaloliddin Masharipov bilan uchrashdi. Murabbiy futbolchilarning tiklanish jarayoni bilan tanishib, ularga sog‘lik tiladi.
Husniddin Aliqulov yaqinda jiddiy jarohat olgan va Rimda taniqli jarroh Pier Paolo Mariani tomonidan operatsiya qilingan edi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, «Rizespor» o‘zbekistonlik himoyachi bilan shartnomani 2027-yilgacha uzaytirgan, biroq uning to‘liq safga qaytishi uchun 6 oydan 9 oygacha vaqt talab etilishi mumkin. Bu esa uning yozda bo‘lib o‘tadigan «JCh — 2026»da ishtirok etishini so‘roq ostida qoldirmoqda.
Chinorkent – Amirsoy yo‘nalishida yangi mikroavtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi
Foto: Transport vazirligi
Chinorkent – Yusufxona – Chimyon – Amirsoy yo‘nalishida yangi yo‘lovchi tashish tizimi joriy etilmoqda. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi. Unga ko‘ra, «Toshavtobustrans» MChJ tomonidan 20 dona zamonaviy Ford rusumli mikroavtobus xarid qilingan. Tog‘li hudud sharoitini hisobga olib, maxsus sinov qatnovlari o‘tkazilgan. Shu sababli Ford mikroavtobuslari tanlangan.
Yangi transport vositalari hudud aholisi hamda Chinorkent, Chimyon va Amirsoyga borayotgan sayyohlar uchun qulay sharoit yaratadi. Loyiha ekoturizmni rivojlantirish hamda hududlar o‘rtasidagi transport aloqasini mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Rossiyada payvandlovchilar eng ko‘p maosh oluvchi kasb egalari deb topildi
Foto: turonworld.uz
2026-yil yanvar oyida Rossiyada eng yuqori maosh to‘lanadigan vakansiyalar reytingida payvandlovchilar yetakchilik qildi. Bu haqda RIA Novosti nashri hh.ru tahlillariga tayanib xabar bermoqda. Tahlil natijalariga ko‘ra, yanvar oyida payvandlovchilar uchun taklif etilgan o‘rtacha maosh 267,3 ming rubl (42,5 mln so‘m)ni tashkil etgan. Kuchli uchlikdan data-sayentistlar (250 ming rubl – 39,7 mln so‘m) va DevOps-muhandislar (216,8 ming rubl – 34,5 mln so‘m) o‘rin oldi.
Qo‘qonda 116 mln so‘mlik noqonuniy gaz iste’moli aniqlandi
Foto: Videodan ekrasn tasviri
Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati fosh etildi. Bu haqda «Hududgazta’minot» AJ ma’lum qildi. Nazorat tadbiri davomida Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan do‘konda qoidabuzarlik aniqlangan. Xatlov jarayonida bino loyiha-texnik hujjatlarsiz yashirin ravishda gaz tarmog‘iga ulangani ma’lum bo‘ldi.
Holat yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirildi. Qayta hisob-kitob natijasida 116,6 mln so‘mlik zarar aniqlangan. Hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi. Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samarqandda 440 mln so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan issiqxona aniqlangani haqida yozgan edi.
AQSh Qatarda qolgan afg‘onlarni vataniga qaytarish uchun pul ajratmoqda
AQSh Qatarda qolib ketgan afg‘onlarni o‘z vataniga qaytarish uchun pul to‘lashni boshladi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Foto: depositphotos.com
Qozog‘iston qo‘shni davlatlarga Starlink internetidan foydalanish imkonini taqdim etadi
Qozog‘iston hukumati sun’iy yo‘ldosh orqali ishlovchi Starlink internet xizmatini qo‘shni davlatlar aholisi uchun ham ochish bo‘yicha qaror qabul qildi. Bu haqda Vlast.kz nashri xabar berdi.
Italiya migratsiyani cheklash maqsadida dengiz nazoratini kuchaytirdi / Foto: BNP
Italiya migratsiyani cheklash maqsadida dengiz nazoratini kuchaytirdi
Italiya hukumati migrantlar oqimini nazorat qilish maqsadida dengiz blokadalari to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Qozog‘istonda qor bo‘ronida qolgan O‘zbekistonning uch nafar fuqarosi qutqarildi
11-fevral kuni Qozog‘istonda kuchli qor bo‘ronlari va yo‘llardagi noqulay ob-havo sharoiti oqibatida 87 kishi, jumladan, 6 nafar bola qutqarildi va evakuatsiya qilindi. Qozog‘iston FVVga ko‘ra, qutqaruvchilar qor uyumlarida qolib ketgan 10 ta avtomashinani ham chiqarishga muvaffaq bo‘lgan.
Foto: O‘FA
2026-yilgi U-17 Osiyo kubogiga qur’a tashlandi: O‘zbekiston «D» guruhida
Kuala-Lumpur shahrida 2026-yilgi U-17 Osiyo kubogi musobaqasiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Amaldagi chempion sifatida birinchi savatchadan joy olgan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi «D» guruhidan o‘rin oldi.
Foto: Instagram
Demokrat.uz rahbari pora bilan ushlandi
Demokrat.uz internet nashri rahbari Fazlidinxon Mehmonov pora bilan qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.