Tesla iOS 26 dagi nosozliklar tufayli CarPlay joriy etishni kechiktirmoqda

Bloomberg nashri elektromobillarida Apple CarPlay tizimining joriy etilishi kechikayotganini ma’lum qildi. Bunga iOS 26 operatsion tizimidagi texnik nosozliklar va yangilangan Siri ovozli yordamchisining tayyor emasligi sabab bo‘lgan.
Muammo integratsiyaning murakkabligi bilan bog‘liq. Tesla CarPlay tizimini faqat oyna rejimida ishga tushirishni rejalashtirgan. Bu smartfon interfeysi Full Self-Driving tizimi vizualizatsiyasini to‘sib qo‘ymasligi uchun zarur choradir. Biroq iOS 26 dagi mavjud xatoliklar tizimlarning barqaror ishlashiga imkon bermayapti.

Apple sun’iy intellektga asoslangan Siri funksiyalarini ishga tushirishni iOS 27 versiyasiga ko‘chirishga qaror qildi. Shu sababli Tesla egalari uchun CarPlay relizi keyinroqqa, taxminan 2026-yilning kuziga qoldirilishi mumkin.
Shuningdek, Apple muhandislari Rave nomi ostida iOS 27 ustida ish olib bormoqda. Dasturiy kodga kiritilayotgan o‘zgarishlar qurilmalarning energiya samaradorligini oshirishi va batareya quvvatini tejashga yordam berishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tesla Semi elektr yuk avtomobilini ishlab chiqarishni boshlashi haqida xabar bergan edi.