Natilus kompaniyasi ikki qavatli gibrid samolyotini taqdim etdi

AQShning Natilus aerokosmik ishlab chiqaruvchisi Horizon Evo nomli yangi avlod ikki qavatli samolyoti loyihasini e’lon qildi. Ushbu havo kemasi yuk tashish va yo‘lovchi tashish imkoniyatlarini birlashtirgan gibrid qanot texnologiyasiga asoslangan.
Natilus kompaniyasi qo‘shimcha $28 mln miqdorida moliyalashtirishni qo‘lga kiritgach, o‘zining Horizon konsepsiyasini ikki qavatli variantga qadar takomillashtirdi. Yangi dizayn gibrid qanot texnologiyasidan foydalanadi, bunda qanotlar va korpus yagona ko‘tarish yuzasiga birlashtirilgan. Bu an’anaviy samolyotlarga nisbatan havoning qarshiligini kamaytiradi va ko‘tarish kuchini oshiradi.

Havo kemasining yuqori qavati yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, pastki qavati 12 ta standart LD3-45 yuk konteynerini sig‘dira oladi. Konfiguratsiyaga qarab, samolyot 150 nafardan 250 nafargacha yo‘lovchini tashishi mumkin. Havo kemasining umumiy yuk ko‘tarish quvvati 25 tonnani tashkil etadi.
Texnik ko‘rsatkichlarga ko‘ra, Horizon Evo an’anaviy tor fyuzelyajli samolyotlarga qaraganda 30 foiz kamroq yoqilg‘i sarflaydi va operatsion xarajatlarni 50 foizga qisqartiradi. Samolyot 6,4 ming km masofaga uchish imkoniyatiga ega bo‘lib, uning kreyser tezligi 0,78 dan 0,80 Max oralig‘ida baholanmoqda.
Kompaniya ushbu samolyotni 2030-yillarning boshlarida foydalanishga topshirishni rejalashtirmoqda. Mutaxassislar ushbu model tor fyuzelyajli samolyotlar bozoridagi 17 mingta havo kemasiga bo‘lgan ehtiyojni qoplashga yordam berishini taxmin qilmoqdalar.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Boeing 777X modelining ilk parvozi aprel oyiga rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edi.