OpenClaw asoschisi Piter Shtaynberger OpenAI jamoasiga qo‘shildi

OpenClaw asoschisi Piter Shtaynberger shaxsiy agentlarning keyingi avlodini ishlab chiqish maqsadida OpenAI kompaniyasiga o‘tdi. Bu haqda OpenAI bosh direktori Sem Altman ma’lum qildi.
Sem Altman X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida Shtaynberger OpenAI tarkibida shaxsiy sun’iy intellekt agentlarini rivojlantirish bilan shug‘ullanishini ta’kidladi. Avvalroq Clawdbot yoki Moltbot nomlari bilan tanilgan OpenClaw yordamchisi elektron pochtalarni kuzatish, sug‘urta kompaniyalari bilan o‘zaro aloqa qilish va yo‘lovchilarni reysga ro‘yxatdan o‘tkazish kabi murakkab vazifalarni bajarishga qodir.

Loyiha o‘tgan yilning noyabr oyida ishga tushirilganidan buyon keskin ommalashdi. Shtaynbergerning blogidagi ma’lumotlarga ko‘ra, OpenClaw GitHub platformasida 100 mingdan ortiq yulduz to‘plagan va bir hafta ichida 2 mln tashrif buyuruvchini jalb qilgan.
Biroq loyihaning ommaviyligi xavfsizlik masalalarini ham keltirib chiqardi. Xususan, Xitoy sanoat vazirligi noto‘g‘ri sozlangan ochiq kodli agentlar kiberhujumlar va ma’lumotlar sizib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.
«OpenClaw ochiq kodli loyiha bo‘lib qolishi va rivojlanish erkinligiga ega bo‘lishi men uchun har doim muhim bo‘lgan. Yakunda OpenAI mening qarashlarimni ilgari surish uchun eng yaxshi joy degan qarorga keldim», – deb yozdi Shtaynberger o‘z blogida.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan OpenAI ChatGPT’ning Deep Research funksiyasini yangilagani haqida xabar bergan edi.