Yaponiya iqtisodiyoti to‘rtinchi chorakda kutilganidan past o‘sish ko‘rsatdi

Yaponiya iqtisodiyoti 2025-yilning to‘rtinchi choragida kutilganidan ancha sust o‘sish qayd etdi, bu esa bosh vazir Sanae Takaichi hukumati uchun dastlabki jiddiy sinovga aylandi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoning to‘rtinchi yirik iqtisodiyoti yillik hisobda 0,2 foizga o‘sgan. Bu ko‘rsatkich tahlilchilar kutgan 1,6 foizlik o‘sishdan sezilarli darajada past bo‘lib, avvalgi chorakdagi 2,6 foizlik qisqarishdan keyingi kichik tiklanishni anglatadi. Choraklik o‘sish esa kutilgan 0,4 foiz o‘rniga atigi 0,1 foizni tashkil etgan.

Iste’mol, kapital xarajatlar va eksport kabi asosiy drayverlar kutilgan natijani bermagan. Ayniqsa, iste’mol o‘sishi hayotiy ehtiyojlar qimmatlashishi fonida 0,1 foizgacha sekinlashgan. Mazkur vaziyat bosh vazir Takaichining saylovoldi va’dasi iste’mol solig‘ini vaqtincha to‘xtatish masalasini kun tartibiga chiqarmoqda.
«Iqtisodiy faollikning sustligi Takaichining oziq-ovqat mahsulotlariga savdo solig‘ini to‘xtatish va aprel oyidan boshlanadigan yangi moliya yili uchun qo‘shimcha byudjet loyihasini tezlashtirish ehtimolini oshiradi», — deb hisoblaydi Capital Economics vakili Marsel Tilient.
Shu bilan birga, Yaponiya banki inflyatsiya va iyena kursining zaifligi sababli foiz stavkalarini bosqichma-bosqich oshirish siyosatini davom ettirmoqda. Hukumatning iqtisodiyotni rag‘batlantirish rejalari va markaziy bankning monetar cheklovlari o‘rtasidagi ziddiyat investorlar e’tiborida qolmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yaponiya sobiq bosh vazirining qotili umrbod qamoq jazosiga hukm qilingani haqida xabar bergan edi.