Ramazonda ehtiyojmand aholiga 1 trillion so‘mdan ortiq yordam puli ajratiladi

Shavkat Mirziyoyev 16-fevral kuni Ramazon oyida ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Prezident konstitutsiyaga muvofiq, O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida fuqarolar farovonligini ta’minlash, ehtiyojmand qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash va jamiyatda mehr-oqibat muhitini kuchaytirishni ustuvor vazifa deb bilishini qayd etdi.
Davlat yetakchisi Ramazon oyida nuroniylar, yolg‘iz va ehtiyojmand fuqarolar holidan xabar olish hamda og‘ir ahvolga tushgan oilalarga amaliy yordam berish ezgu qadriyat ekanini ta’kidladi. Shu maqsadda «Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi» shiori ostidagi kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Mazkur tadbirlarni amalga oshirish uchun «Vaqf» xayriya jamoat fondiga 750 mlrd so‘m, shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali 300 mlrd so‘m ajratilishi belgilandi. Bu mablag‘lar orqali ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam, nogironligi bor shaxslarning davolanish va jarrohlik amaliyotlari xarajatlari qoplanadi.
Shuningdek, yig‘ilishda radikal va ekstremistik g‘oyalar yoshlar ongini zaharlashga uringanligi ta’kidlandi. Prezidentimiz jamiyat onalari va kelajak avlod tarbiyachilari bo‘lgan xotin-qizlarni buzg‘unchi g‘oyalardan asrash, ularni ma’naviy va moddiy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratdi.

Yot g‘oyalar ta’siriga tushgan shaxslarni ijtimoiylashtirish, moddiy yordam ko‘rsatish, tibbiy va psixologik qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, kasb-hunarga o‘rgatish orqali bandligini ta’minlash zarurligi ham qayd etildi.
Mirziyoyev har bir mahallada ehtiyojmand oilalarning aniq va shaffof ro‘yxatini shakllantirish, yordamlarni dini, millati va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar teng va adolatli tarzda yetkazish shartligini alohida ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda Ramazon oyi rasman 19-fevraldan boshlanadi.