Yunusobod yo‘nalishidagi metro poyezdi 7 daqiqaga to‘xtab qoldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Yunusobod yo‘nalishida poyezdlar harakat intervali oshgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent metropoliteni rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, 16-fevral kuni Yunusobod yo‘nalishida harakatlanayotgan 65-harakat tarkibi Turkiston bekatida yo‘lovchilarni tushirgandan so‘ng texnik nosozlik aniqlangan. Shu sababli poyezd 7 daqiqaga kechikkan va belgilangan tartibda texnik ko‘rik yo‘lagiga yo‘naltirilgan.
Qayd etilishicha, harakat va yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida nosoz tarkib o‘rniga qisqa muddat ichida zaxira poyezd yo‘nalishga chiqarilgan. Shundan so‘ng harakat jadval asosida tiklangan.
Korxona yuzaga kelgan vaqtinchalik noqulayliklar uchun yo‘lovchilardan uzr so‘radi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan metroda harakat xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun jarima joriy etilgani haqida yozgandi.