O‘zbekistonda 18-fevral kuni 2 mingdan ortiq masjidda taroveh namozlari o‘qiladi

eʼlon qilindi
Namozlar har kuni soat 20:30 dan keyin boshlanadi
Minor masjidi
Foto: Uzbekistan Travel

18-fevraldan boshlab respublika bo‘ylab 2 mingdan ortiq masjidda taroveh namozlari ado etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, namozlar har kuni soat 20:30 dan keyin boshlanadi. Taxminan 1 millionga yaqin fuqaro har kuni taroveh namozlarida ishtirok etishi kutilmoqda.

Jamoat tartibi va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida 20 mingga yaqin Ichki ishlar organlari, O‘zbekiston Milliy gvardiyasi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari va harbiy xizmatchilar jalb etiladi. Masjidlar atrofi videokuzatuv kameralari bilan jihozlangan bo‘lib, ular IIVning monitoring va muvofiqlashtirish markaziga ulangan.

Shuningdek, yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash uchun 2,5 mingga yaqin Yo‘l patrul xizmati xodimi xizmat olib boradi. Ayrim masjidlar joylashgan ko‘chalarda transport harakati vaqtincha cheklanadi, kirish joylariga maxsus to‘siqlar o‘rnatiladi hamda 150 metr uzoqlikda alohida avtoturargohlar tashkil etiladi.

Favqulodda holatlar uchun 200 dan ortiq maxsus texnika jalb etiladi. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati haydovchilardan transport vositalarini qoidabuzarlik bilan va boshqa qatnashchilarga xalaqit beradigan joylarda qoldirmaslikni so‘rab, fuqarolarga imkon qadar piyoda yoki jamoat transportidan foydalanishni tavsiya etdi.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda Ramazon oyi rasman 19-fevraldan boshlanishi haqida yozgandi.

Shuningdek